Avval xabar qilinganidek, Prezident raisligida bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida joriy yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha vazifalar muhokama qilinmoqda.
Yig‘ilishda Samarqand viloyati Payariq tumani misolida joriy yilda bu borada amalga oshiriladigan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Tumanda 145 kilometr yo‘l, 1 ming kilometr elektr tarmog‘i, 250 ta transformator va 54 kilometr ichimlik suvi tizimi yaroqsiz ahvolda. Ijtimoiy soha ob’ektlarida ham qator muammolar mavjud. Ishsizlar soni 9 mingdan ziyod, “temir daftar”ga 1 mingta oila, “yoshlar daftari”ga 6 ming nafar, “ayollar daftari”ga 2 ming 200 nafar aholi kiritilgan.
Videoselektorda joriy yilda Payariq tumanidagi 56 ta qishloq, umuman, Samarqand viloyati bo‘yicha 717 ta qishloq va 198 ta shahar mahallalari qiyofasini zamonaviy ko‘rinishga keltirish, infratuzilmasini yaxshilash va aholi bandligini ta’minlash ishlari amalga oshirilishi qayd etildi.
Bu maqsadlarga 1,6 trillion so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, Payariq va Kattaqo‘rg‘on tumanlari hokimlari dasturga kiritilgan ob’ektlarni qanday tanlagani va bu bo‘yicha aniq rejalarini manbalar kesimida tushuntirib berdi.
O‘zA