Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Davlat rahbari ushbu dasturlarga kiritiladigan qishloq va mahallalar hamda dasturlar doirasida amalga oshiriladigan ishlar har bir tuman va shahar hokimi bilan keng, atroflicha muhokama qilinganini ta’kidladi.

Loyihalarni amalga oshirishda qishloq va mahalla aholisi hamda tadbirkorlar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish orqali ular ishtirokini ta’minlash, bunda obodonchilik bilan bir qatorda, yangi ish o‘rinlari yaratish, ishlab chiqarish ob’ektlarini barpo etishni ham inobatga olish zarur.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari “bir martalik ish”ga aylanib qolmasligi, qilingan har bir so‘m investitsiya, одамларимизѓа uch baravar ko‘p foyda keltirishi, ularning daromadini oshirishi lozim.

– Afsuski, hamma rahbarlar ham bu masalalarni tushunib yetmayapti. Shu sababli Farg‘ona va Namangan shaharlarining 4 ta sektor rahbari ishdan olindi. Toshkent viloyatining yangi hokimi Chirchiq shahri sektor rahbarlarini ishdan bo‘shatmaslikni iltimos qilib olib qoldi. Agar ikki oy ichida Chirchiqda vaziyat o‘zgarmasa, ularga ham chora ko‘riladi, – dedi Prezident.

Yig‘ilishda bu kabi kamchiliklar barcha hududlarda mavjudligi qayd etildi. Masalan, bugungi kunda respublikada eng og‘ir ahvolga tushib qolgan 796 ta qishloq va 188 ta shahar mahallalari mavjud. 4 mingdan ziyod mahallaning elektr ta’minoti qoniqarsiz ahvolda.

Shavkat Mirziyoyev qishloqlarga infratuzilma borsagina tadbirkorlik rivojlanishi, qo‘shilgan qiymat yaratilishini barcha rahbarlar chuqur anglab yetishi kerakligi, shu sababli “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari mutlaqo yangi yondashuvlar asosida shakllantirilganini ta’kidladi.

Davlat rahbari topshirig‘iga muvofiq, 206 ta tuman va shahar hokimlari, yo‘l, elektr, kommunal xizmat va tadbirkorlikka mas’ul rahbarlar bilan birma-bir gaplashilib, qishloq va mahalla aholisi bilan maslahat qilinib, 8 mingta mahallada bajarilishi lozim bo‘lgan aniq ishlar belgilab olinganini qayd etdi.

Bunda, obodonchilik bilan bir qatorda, “temir daftar”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlariga yangi ishlab chiqarish ob’ektlari, ish o‘rinlari yaratish, aholini ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish orqali, ularni ushbu ro‘yxatlardan chiqarish masalalari ham ko‘zda tutilgan.

Qayd etilganidek, joriy yilda qishloq va mahallalarda aholi sharoitini yaxshilashga jami 31,5 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Shavkat Mirziyoyev 9 ta yo‘nalish bo‘yicha ajratilayotgan ushbu mablag‘lar tashqaridan qarz olinmasdan ajratilayotganiga alohida e’tibor qaratdi. Kuni kecha Yevropa konsultantlari bilan ham bu masalalar muhokama qilingani, umuman, mamlakatimizda har bir yirik loyiha ekspertlar bilan obdon o‘rganib chiqilgandan so‘nggiga hayotga tatbiq etilayotganini aytildi.

Yig‘ilishda har bir viloyat, tuman va shahar hokimi joriy yilgi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida, davlat byudjetidan berilgan mablag‘ yoniga kamida xuddi shuncha mablag‘ qo‘shib, loyihalar tannarxini arzonlashtirib, qanday ishlarni amalga oshirishi, ularning natijadorligi hamda қайт́ими bo‘yicha hisobot berishi aytildi.

O‘zA