Toshkentda 18 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi raisligida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (SHHT MATT) Kengashining navbatdagi – o‘ttiz oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Hindiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi vakolatli organlari hamda SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi delegatsiyalari ishtirok etdi.
Tomonlar mintaqaviy xavfsizlikning joriy holatini ko‘rib chiqdilar, SHHT hududida terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash sohasida amaldagi vaziyatni muhokama qildilar, SHHTga a’zo davlatlar vakolatli organlari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi darajasi bo‘yicha fikr almashdilar, xalqaro terrorchilik tashkilotlari tomonidan xavfsizlikka nisbatan mavjud bo‘lgan zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda kurashish choralarini belgilab oldilar.
Yig‘ilish davomida SHHT MATT Kengashining SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari Kengashiga SHHT MATTning 2020 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi Hisoboti ma’qullandi. SHHTga a’zo davlatlar Terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturining 2020 yilda bajarilishi, SHHT MATT Kengashi qarorlari ijrosi xususidagi axborot ko‘rib chiqildi.
SHHTga a’zo davlatlar Terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi loyihasi ma’qullandi. SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasining o‘tgan davrdagi faoliyatiga ijobiy baho berildi.
2021 yilda SHHTga a’zo davlatlar vakolatli organlarining navbatdagi “Pabbi – Antiterror-2021” qo‘shma aksilterror o‘quv mashqlarini, SHHTga a’zo davlatlar vakolatli organlari chegara xizmati rahbarlarining 8-yig‘ilishini va SHHT MATT 8-xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasini o‘tkazishga kelishib olindi.
SHHTga a’zo davlatlar vakolatli organlarining terrorchilik faoliyatini moliyalashtirish kanallarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha hamkorligini takomillashtirishga qaror qilindi.
BMT Xavfsizlik Kengashining xorijlik jangari-terrorchilar harakatlanishining oldini olishga qaratilgan 2178 va 2396 raqamli Rezolyutsiyalari talablari bajarilishi doirasida yo‘lovchilar haqidagi dastlabki axborotlar va yo‘lovchilar qayd etilishi yozuvlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar tizimini joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi.
SHHT MATT faoliyatini rivojlantirish va SHHTga a’zo davlatlar vakolatli organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun bir qator SHHTga a’zo davlatlar vakolatli organlari xodimlari va SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi mansabdor shaxslari Kengash Yorlig‘i va SHHT MATT Esdalik nishoni bilan taqdirlandilar. Qirg‘iz Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi vakillariga «Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatning Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Kengashidagi Faxriy vakili» unvoni berildi.
SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi faoliyatini tashkiliy, moliyaviy va kadrlar masalasi bo‘yicha ta’minlash yuzasidan qarorlar qabul qilindi.
SHHT MATT Kengashining navbatdagi yig‘ilishini 2021 yil sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Yig‘ilish ishchanlik ruhida, do‘stona muhitda o‘tdi.
G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA