“Oʻzbekiston-AQSH-Afgʻoniston” shakli doirasida xavfsizlik masalalari muhokama qilindi

“Oʻzbekiston-AQSH-Afgʻoniston” uch tomonlama hamkorlik shakli Xavfsizlik boʻyicha quyi qoʻmitasining birinchi yigʻilishi videokonferensaloqa orqali oʻtkazildi.

Tadbirda quyi qoʻmita hamraislari – Oʻzbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi oʻrinbosari Salimjon Husanov, tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Furqat Sidiqov, AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha yordamchisi oʻrinbosari Nensi Jekson, Mudofaa vaziri yordamchisi oʻrinbosari Tomas Krochi, Afgʻoniston Prezidentining Milliy xavfsizlik masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari Salom Shoh Ibrohimiy, Afgʻoniston Milliy mudofaa vaziri oʻrinbosari Abdulhay Rauf, shuningdek, uch davlat mutasaddi vazirlik, idoralari vakillari ishtirok etdi.Tomonlar joriy epidemiologik holat yuzasidan fikr almashdilar, koronavirus infeksiyasining mintaqaviy va global xavfsizlikka salbiy taʼsirini muhokama qildilar. SOVID-19 oqibatlarini bartaraf etish uchun kuchlarni birlashtirish zarurligi qayd etildi.

Narkotrafik va terrorizmga qarshi kurash samaradorligini oshirish uchun tomonlarning soha idoralari oʻrtasida chegaralarni qoʻriqlash va axborot almashish borasidagi hamkorligini kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.

“Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibi boʻyicha munosabatlarning dolzarb jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi. Ayollar va qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash sohasidagi aloqalarni mustahkamlash, ularga nisbatan kuch ishlatilishi hamda xotin-qizlarning sifatli taʼlim olishi bilan bogʻliq muammolarni hal qilish mexanizmlari muhokama qilindi.

Yigʻilishda qoʻshma kun tartibining boshqa masalalari ham koʻrib chiqildi.

 

OʻzA