2 yoshgacha boʻlgan bolakaylar uchun niqob taqish zarar ekan

Yaponiyalik mutaxassislar eʼtirof etishicha, 2 yoshga toʻlmagan goʻdaklarga tibbiy niqob taqib qoʻyish bolalar salomatligiga jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin ekan. TASS agentligi ushbu ogohlantirish haqida Yaponiya pediatrlar assotsiatsiyasi maʼlumotiga tayanib maʼlum qilgan.
Qayd etilishicha, ikki yoshgacha boʻlgan bolakaylarda nafas yoʻli tor, shu bois niqob nafas olishni qiyinlashtirishi, qisman boʻgʻilishga olib kelishi ehtimoli kuchli.
Bundan tashqari, ayni holatda yosh organizm yuragiga ham ortiqcha yuk tushadi, havo qiziganda esa issiqlik taftining qoʻshimcha salbiy taʼsiri xavfi kuchayadi.
“Issiqlik niqobni tark etmaydi va qizish xavfi ortadi. Shuningdek, yosh bolalarda tez-tez lohaslik, koʻngil aynish roʻy beradi. Bu oʻz navbatida pnevmoniya va boʻgʻilishga olib keladi”, — deydi assotsiatsiya rahbari Akira Kamikava.
Yaponiyada bolalar uchun moʻljallangan kichik oʻlchamli tibbiy niqoblar ham sotiladi. Odatda, bunday mahsulot qadogʻida tibbiy niqobni uch yoshdan boshlab taqish mumkinligi haqidagi eslatma-yozuv boʻladi. Ayrim ishlab chiqaruvchilar esa niqoblarni “ikki yoshdan oshgan bolalar uchun” degan tavsiya-yorliq bilan sotuvga chiqarishadi.

 

OʻzA