O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-dekabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyevni Qozog‘iston Respublikasi birinchi Prezidenti kuni bilan samimiy tabrikladi.

Muloqotda Prezident Nursulton Nazarboyev rahbarligida Qozog‘iston davlat qurilishi va mustaqil taraqqiyotning mustahkam asoslarini barpo etishda salmoqli natijalarga erishgani ta’kidlandi.

Davlat rahbarining tashabbuslari tufayli Qozog‘iston xalqaro maydonda e’tirofga sazovor bo‘ldi, jahon hamjamiyatining obro‘li a’zosiga, barqaror va taraqqiy etayotgan davlatga aylandi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat rahbarlari ikki tomonlama hamorlikning bugungi holati va istiqbollarini ham muhokama qildilar. Yakuniga yetayotgan yilda mamlakatlarimizning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlari salmoqli darajada kengaygani ta’kidlandi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada o‘sdi, qo‘shma savdo uylari va zamonaviy korxonalar tashkil etildi, mintaqalararo hamkorlik faol rivojlanmoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro ishonch, hurmat va tomonlar manfaatlarini hisobga olish asosidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirdilar.

Davlat rahbarlari, shuningdek, xalqaro ahamiyatga molik alohida masalalar hamda yangi 2018-yilga mo‘ljallangan ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik yuzasidan fikr almashdilar.

 

O‘zA