Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018 yilda qabul qilingan Mo‘ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha maxsus dasturga ko‘ra 2019-2021 yillarda jami 1 trillion 485 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan.
Qisqa vaqtda ushbu dastur ijrosi doirasida qator ob’ektlar foydalanishga topshirildi. Joriy yil yozda foydalanishga topshirilgan “Mo‘ynoq tekstil“ mas’uliyati cheklangan jamiyati shular jumlasidan. Zamonaviy uslubda barpo qilingan korxonada ishchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. Korxonaga Xitoy va Turkiya davlatlaridan keltirilgan zamonaviy 320 ta tikuv mashinasi o‘rnatilgan. Ishlab chiqarilayotgan kiyim-kechaklarni sotish uchun maxsus do‘kon tashkil etilgan.
Bugungi kunda korxonada 300 dan ortiq xotin-qiz ish bilan band. Hozirda ishlab chiqarilayotgan sifatli kiyim-kechaklarga mahalliy idora va tashkilotlardan buyurtmalar tobora ko‘paymoqda. Kelgusida mahsulotlarni eksportga chiqarish rejalashtirilgan.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA