O‘zbekiston Milliy axborot agentligida 24 dekabr kuni Pokistonning “National Herald Tribune” gazetasi bosh muharriri G‘ulom Akbar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zA Bosh direktori A.Ko‘chimov mehmonga Pokiston va O‘zbekistonni umumiy din, mustahkam tarixiy va madaniy mushtaraklik, samimiy va ishonchli munosabatlar bog‘lab turishi, davlatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik kengayib borayotgani haqida so‘zlab berdi.
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmasevtika, to‘qimachilik, ko‘nchilik, turizm, oziq-ovqat va iqtisodiyotning boshqa sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish ikki mamlakat hamkorligining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi o‘zining internet sahifasi orqali keng miqyosli sheriklikning joriy holati haqida doimiy axborot uzatib kelmoqda.
Muloqot chog‘ida mamlakatlarimizning axborot imkoniyatlarini oshirish, O‘zbekiston va Pokistonda ro‘y berayotgan voqealar to‘g‘risida muntazam axborot almashishni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatlarimiz ichki va xalqaro hayotidagi dolzarb voqealar to‘g‘risida muntazam axborot almashish maqsadida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan “National Herald Tribune” gazetasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ma’lumot o‘rnida, Pokistonning mashhur iqtisodiy nashrlaridan biri hisoblangan “National Herald Tribune” gazetasiga 2008 yilda asos solingan. Pokiston davlat idoralari, ishbilarmon va ekspert-tahlil doiralari, ushbu mamlakatda akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro tashkilot va diplomatik korpus vakillari nashr obunachilari hisoblanadi. Mazkur gazeta 2018 yilda “Markaziy Osiyo” bo‘limini ishga tushirdi. Mamlakatimizning Pokistondagi elchixonasi tomonidan ushbu bo‘lim bilan hamkorlikda o‘tgan vaqt davomida O‘zbekiston iqtisodiy, investitsiyaviy va turistik salohiyati haqida 100 dan ziyod turli materiallar chop etildi.
O‘zA