Eng ulugʻ, eng aziz bayram shukuhi

Nukus shahri va tumanlarda Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligiga bagʻishlab “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” shiori ostida bayram tantanalari, xalq sayillari davom etmoqda.
Prezidentimizning shu yil 8-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi maxsus qarori asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham keng koʻlamli ishlar olib borildi. Joriy yilgi bayramning “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” shiori ostida oʻtkazilishida chuqur maʼno bor. Har yilgidek, joriy yilda ham bayram arafasida bir qator ishlab chiqarish, ijtimoiy-madaniy obyektlar foydalanishga topshirildi.
Bugungi kunda yurtimizning barcha goʻshalari kabi Qoraqalpogʻiston Respublikasining shahar va tumanlari yangicha chiroy ochib, ulkan qurilish, obodonlashtirish maydoniga aylandi. Joriy yilning birinchi yarim yilligida yalpi hududiy mahsulotlar koʻlami 7 trillion soʻmni tashkil etgan boʻlsa, yil oxirigacha bu koʻrsatkich 15 trillion soʻmga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Oʻtgan olti oy davomida qurilish ishlari 45, investitsiyalar hajmi 19,4, isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish 8,4, qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirish 5,4, xizmatlar koʻlami 18 foizga oʻsganligi iqtisodiyotning tez surʼatlar bilan rivojlanayotganidan dalolatdir.
Prezidentimizning joriy yil 20-21-avgust kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi, shuningdek, Nukus shahrida faollar bilan boʻlgan uchrashuvi ulkan tarixiy voqealarni, quvonchli damlarni, taraqqiyotimizning yangi bosqichini oʻzida jamladi.
Boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda Davlatimiz rahbari Orolboʻyining rivojlanishida besh asosiy vazifani belgilab berdi. Aholi xohish-istaklaridan kelib chiqib, 2019-2022-yillarda jami 14 trillion 684 milliard soʻmlik 697 loyihani amalga oshirish, shuning hisobiga 14 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratish vazifalari belgilab olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq, mustaqilligimizning 28 yilligi arafasida bir guruh yurtdoshlarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi. Ular orasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M.Yerniyazovga “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berilgani Davlatimiz rahbarining shu zaminda yashayotgan buyuk xalqqa boʻlgan yuksak ehtirom va gʻamxoʻrligi namunasidir.
Prezidentimizning tashrifi davomida alohida eʼtibor qaratilgan masalalardan biri bu chorvachilikka ixtisoslashgan Boʻzotov tumanining qayta tashkil etilishi boʻldi. Ushbu tarixiy voqeani Qoraqalpogʻiston Respublikasi, shu jumladan, tuman aholisi katta xursandchilik bilan kutib oldi.
Tuman markazida Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligiga bagʻishlab “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” shiori ostida bayram tantanasi boʻlib oʻtdi. Bayramga tashrif buyurgan aholining, jumladan, yoshlar va xotin-qizlarning kayfiyati, koʻzlaridagi ertangi kunga ishonchni, Prezidentimizning tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlardan mamnunligini koʻrib, mana shunday baxtli, tinch va osoyishta yurtda yashayotganingizga gʻurur v iftixor tuygʻusini tuyasiz.
“Joylarda, olis tuman, qishloq va ovullarda boʻlib, yangi-yangi iqtisodiy-ijtimoiy loyihalarni joriy etishga, odamlar nima bilan yashayapti, ularning ahvoli, kayfiyati qanday ekanini yaqindan bilishga, ularni qiynayotgan muammolarni yechish uchun yordam berishga intilaman“, – degan edi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida. Bu odamlarimiz qalbida kelajakka ishonch uygʻotib, ularni yangi, ulkan marralar sari ruhlantirmoqda.
Darhaqiqat, buni soʻnggi yillarda Orolboʻyida yuz berayotgan oʻzgarishlar misolidan ham koʻrishimiz mumkin.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA