Yangi oʻquv yilida yangi huquqiy darsliklar

Sifatli taʼlim oʻz-oʻzidan sifatli, mukammal darsliklarni taqozo etadi.
Davlatimiz rahbari ham maktab taʼlimi sohasida zamonaviy va oqilona tizim yaratish, oʻqitish metodlari, taʼlim standartlari, darslik va oʻquv qoʻllanmalarini yangilash zarurligini alohida taʼkidlagan.
Bu borada Adliya vazirligi tomonidan huquqqa oid fanlar boʻyicha maktab darsliklari zamonaviy taʼlimga qoʻyilayotgan talablar asosida oʻrganildi. Bunda darsliklarning huquqiy bilim va tushunchalarni qamrab olganlik darajasi, mazmun-mohiyati hamda maqsadga muvofiqligi tahlil etildi.
Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimidan maʼlum qilishlaricha, 8-sinflar uchun moʻljallangan “Oʻzbekiston davlati va huquqi asoslari”, 9-sinf uchun “Konstitutsiyaviy huquq asoslari”,
10 va 11-sinflar uchun “Davlat va huquq asoslari” darsliklari hatto oliy oʻquv yurtlari talabalari tushunmaydigan darajada murakkab yozilganligi, qolaversa, ularda eski maʼlumotlar keltirilganligi, oʻquvchilarga berilgan topshiriqlarda ayrim mantiqiy xatolar mavjudligi aniqlandi.
Shundan kelib chiqib, kamchiliklarni bartaraf etib qayta nashr qilish yuzasidan Adliya vazirligi Xalq taʼlimi vazirligiga takliflar kiritgan.
Buning natijasida 8-sinflar uchun “Oʻzbekiston davlati va huquqi asoslari”, 9-sinf uchun “Konstitutsiyaviy huquq asoslari” yangi avlod darsliklari nashr qilinib, boshlanayotgan oʻquv yilidan eʼtiboran oʻquvchilarning huquqiy bilimlarni ushbu darsliklardan oʻzlashtiradi. Ular dizayn jihatdan oʻquvchilarning yosh va psixologik hususiyatidan kelib chiqqan holda takomillashtirilgan.
Yangi avlod darsliklar yangi qabul qilingan qonunlar va huquqqa doir maʼlumotlar, qonunchilikdagi voyaga yetmaganlarning javobgarligidagi oʻzgarishlar, shaxs va jamiyat munosabatlari hamda shaxsning jamiyatdagi oʻrni kabi mavzular bilan boyitilgan.

 

OʻzA