OAV: “Facebook” oʻz kriptovalyutasini yaratmoqda

“Vesti.net”ning “The New York Times” gazetasida eʼlon qilingan maqolaga asoslanib maʼlum qilishicha, “Facebook” korporatsiyasi narxi AQSH dollari, neft yoki oltin kabi anʼanaviy moliyaviy aktivlar qiymatiga bogʻliq boʻlgan oʻz kriptovalyutasini ishlab chiqmoqda.

Qayd etilishicha, korporatsiya kriptovalyutasi “WhatsApp” messenjeri orqali integratsiya qilinishi mumkin. Integratsiyadan soʻng “WhatsApp” foydalanuvchilari bank jarayonlarini chetlab oʻtgan holda lahzalik elektron oʻtkazmalarni doʻstlari, qarindoshlariga dunyo boʻylab joʻnatishlari mumkin boʻladi. Hozirda raqamli valyutani ishlab chiqish jarayoni yakuniy bosqichda turibdi.

Xabarda izoh berilishicha, “Telegram” asoschisi Pavel Durov TON blokcheyn-platformasini ishlab chiqishni boshlagandan soʻng “Facebook” jamoasi ham oʻz kriptovalyutasini yaratishga kirishgan. Maʼlumotlarga koʻra, Sukerberg korporatsiyasida bir nechta kriptobirjalar bilan muzokaralar olib borilgan.

 

Malohat Husanova, OʻzA