Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bosh shtabi boshliqlarining konferensiyasi toʻgʻrisida

Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida 21 fevral kuni Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bosh shtablari boshliqlarining konferensiyasi oʻtkazildi.
Dastlab anjuman ishtirokchilari Xotira maydonida boʻlib, harbiy orkestr sadolari ostida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qoʻydi. Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Shundan soʻng anjuman oʻz ishini boshladi. Unda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Pokiston, Turkmaniston, Tojikiston va Afgʻoniston Qurolli Kuchlari Bosh shtablari boshliqlari, Qirgʻiziston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshligʻining birinchi oʻrinbosari, AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qoʻmondonligi qoʻmondoni ishtirok etdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-mayor Bahodir Qurbonov qatnashdi va ishtirokchilarni qutladi.
Muloqot chogʻida xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda dunyoning turli mintaqalarida xavf va tahdidlarning kuchayib borayotgani, barqarorlikni taʼminlash masalasi global xarakter kasb etayotgani qayd etildi. Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan ushbu anjuman koʻp tomonlama harbiy hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Tadbirda Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlikni mustahkamlash, ishonch ruhidagi hamkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yaxshi qoʻshnilik tamoyiliga asoslangan faoliyatni davom ettirish, Afgʻonistondagi notinch vaziyatga ijobiy yechim topish masalalari koʻrib chiqildi.
Konferensiyada Markaziy Osiyodagi vaziyat, xalqaro terrorizmga qarshi kurashish yoʻlidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
– Oʻzbekiston Markaziy va Janubiy Osiyoda xavfsizlik, barqarorlikni taʼminlashda muhim oʻrin tutadi, – dedi AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qoʻmondonligi qoʻmondoni, general Jozef Votel. – Amerika Qoʻshma Shtatlari esa ushbu mintaqadagi mamlakatlar suverenitetini mustahkamlash, barqarorlikni taʼminlashga munosib hissa qoʻshish, konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish va olgʻa surish tarafdori boʻlib qoladi.
Shuningdek, anjumanda Afgʻonistonda iqtisodiyotni tiklash, transport infratuzilmasini rivojlantirish, mamlakatda malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

 

Abdulaziz MUSAYEV, OʻzA muxbiri