“Oʻzsharobsanoat” AJ korxonalari mahsulotlarining yuksak eʼtirofi

Joriy yil 11-15 fevral kunlari Moskva shahrida boʻlib oʻtgan yigirma oltinchi “Prodekspo-2019” oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar va ularni ishlab chiqarish uchun xom ashyo xalqaro koʻrgazmasida “Oʻzsharobsanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalarning mahsulotlari yuksak mukofotlarga sazovor boʻldi.
“Prodekspo” Rossiya Federatsiyasi hududidagi eng yirik oziq-ovqat sanoati koʻrgazmasidir. Joriy yilda unda 69 mamlakatning 2440 kompaniyasi ishtirok etdi. Mamlakatimiz ekspozitsiyasidan yurtimizda ishlab chiqarilgan keng turdagi mahsulotlar, jumladan, sarxil meva va sabzavotlar, quritilgan mevalar, qandolatchilik mahsulotlari, choy, alkogolli va alkogolsiz ichimliklar oʻrin oldi. Tadbirda “Oʻzsharobsanoat” AJ korxonalari ham yuksak mukofotga munosib koʻrildi.
Joriy yilgi koʻrgazmada “Toshkentvino kombinati”, “Shoxrud”, “Oʻzbekiston shampani”, Xovrenko nomidagi Samarqand vino kombinati, “Nukus vino zavodi”, “Urganch sharob”, “Denov vino-aroq” aksiyadorlik jamiyatlari, “Afsar kompani ltd.” masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qoʻshma korxonasi, “Sulton sharbati”, “SAVB”, “Bulungʻur-1”, “Samarqand-Jomboy sharob” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari, “Qoʻqonspirt” va “Andijon biokimyo zavodi” aksiyadorlik jamiyatlari ishtirok etdi.
– Oʻzbekistonning bunday nufuzli xalqaro forumdagi ishtiroki mamlakatimiz oziq-ovqat sanoatida, jumladan, vinochilik tarmogʻida erishilayotgan muvaffaqiyatlarni namoyish etish, yangi kelishuvlarga erishish, tajriba orttirish uchun ajoyib imkoniyatdir, – deydi “Oʻzsharobsanoat” AJ raisining oʻrinbosari Sardor Umarov. – Jamiyatimiz tizimidagi korxonalar koʻrgazmaning doimiy va faol ishtirokchilaridir. “Prodekspo”ning degustatsiya tanlovida, “Eng yaxshi mahsulot” va “Prodekspo vinolari” tanlovlarida korxonalarimiz mahsulotlari har yili mukofotlanadi.
Bu yilgi koʻrgazmada korxonalar 2 Gran-pri kubogi, 15 oltin, 3 kumush medal va 3 diplomga sazovor boʻlgani ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlarning yuqori sifati xalqaro miqyosda eʼtirof etilayotganidan dalolat beradi.
Taʼkidlash joizki, aroq ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida “Eng yaxshi mahsulot” nominatsiyasida Gran-pri kubogiga uchta korxona munosib topilgan boʻlsa, shundan ikkitasi mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan “Afsar kompani ltd.” MCHJ qoʻshma korxonasi va “Nukus vino zavodi” AJga topshirildi. Uchinchi kubok sohibi – Rossiyaning “Kristall” zavodi.
Shuningdek, “Toshkentvino kombinati” AJ bosh direktori Mirobid Mahmudov Rossiya Federatsiyasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” va “Yuqori sifat uchun” oltin faxriy medallari bilan taqdirlandi.
“Oʻzsharobsanoat” AJ korxonalari nufuzli “Prodekspo-2019” xalqaro koʻrgazmasida yuksak eʼtirof etilgani ularning kelgusi faoliyatiga kuchli ragʻbat boʻlib xizmat qiladi.

 

M.ANISIMOVA, OʻzA muxbiri