Yangi mavsum oldidan Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi tarkibi sezilarli darajada oʻzgaradigan koʻrinadi. Boisi, jamoani bosh murabbiy Mirjalol Qosimov tark etdi. Endi u Olmaliqning AGMK klubini boshqaradi.
Oʻz navbatida jamoa tarkibida ham katta oʻzgarishlar boʻlishi kutilmoqda. Jumladan, himoyachi Mirgʻiyos Sulaymonov (20-raqamda), darvozabon Suhrob Sultonov (32) hamda yarim himoyachi Dilshod Joʻrayev (5) “qaldirgʻochlar”ni tark etib, yangi mavsumda AGMK jamoasi tarkibida toʻp suradigan boʻlishdi. Jamoaning serbiyalik legioneri Filipp Rayevas (99) esa allaqachon mamlakatning amaldagi chempioni “Lokomotiv” bilan shartnoma imzolab boʻldi.
Bundan tashqari, chap qanot himoyachisi, yosh va umidli futbolchi Akrom Komilov (4) oʻz taqdirini jamoaning prinsipial raqibi boʻlmish “Paxtakor” bilan bogʻlashga qaror qildi. Shuningdek, markaziy himoyachi Rustam Ashurmatov (2) ham “sherlar” bilan shartnoma imzolashi kutilmoqda.
Darvoqe, “qaldirgʻochlar” boshqaruvini mamlakatimizdagi taniqli mutaxassislardan biri Vadim Abramov oʻz qoʻliga oldi. Tabiiyki, Vadim Karlenovich ham “Bunyodkor” klubiga oʻz uslubiga mos futbolchilarni jalb qiladi. Qisqasi, yangi mavsumda biz mutlaqo yangilangan “Bunyodkor”ni koʻramiz shekilli.
Otabek Eshmamatov, Muhammad Amin (surat), OʻzA