Yurtimizda Koreya ixtirochi ayollar assotsiatsiyasi (KWIA) vakillaridan iborat delegatsiya mehmon boʻlib turibdi. Toshkentdagi Turin politexnika universitetida Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi hamda Ixtirochi ayollar markazi tomonidan “Ixtirochi ayollar – fan, innovatsiya, investitsiya” mavzusidagi davra suhbatida koreyalik ayollar ishtirokida innovatsion izlanishlar istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Respublika Xotin-qizlar qoʻmitasi va Oʻzbekiston Ixtirochi ayollar markazi tomonidan fan va texnika taraqqiyotining barcha yoʻnalishlari boʻyicha xotin-qizlarning ilmiy-amaliy izlanishlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, intellektual mulk egalarining haq-huquqlarini himoya qilish borasida xalqaro tajribani oʻrganish hamda kelgusida hayotga tadbiq etish masalalarida xalqaro aloqalarni kengaytirish boʻyicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Muntazamlik kasb etayotgan innovatsion haftaliklar, koʻrgazmalar yurtimizda ixtirochi, oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondashuvchi xotin-qizlar safi keng ekanini namoyish etmoqda.
1993 yilda tashkil etilgan Koreya ixtirochi ayollar assotsiatsiyasi iqtisodiyotda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish uchun turli loyihalarni amalga oshirib, ularning ijodiy faoliyat bilan shugʻullanishiga koʻmaklashmoqda. Hozirda KWIA barqaror rivojlanish va inson taraqqiyotida ayollarning teng huquqli hamkorlar sifatida asosiy rolini qoʻllab-quvvatlovchi, ixtiro va tadbirkorlik faoliyatining turli sohalarida xotin-qizlarning samarali ishlashiga yordam beradigan yetakchi tashkilot sifatida tan olingan.
Har yili KWIA tomonidan Butunjahon intellektual mulk tashkilotining shafeligida Koreya ixtirochi ayollarning xalqaro koʻrgazmasi va forumi oʻtkazib kelinmoqda. Eʼtiborga molik jihati, oʻtgan yili mazkur xalqaro miqyosdagi tadbirlarda yurtimizning olima ayollari ham muvaffaqiyatli ishtirok etgan edi. Unda yurtimiz olima ayollarining eng yaxshi innovatsion ishlanmalari tanlov komissiyasi xulosalari asosida maxsus medal, diplom va sovgʻalar bilan taqdirlangandi.
– Bugun Oʻzbekiston innovatsion texnologiyalar, yangiliklarni joriy etishga astoydil intilmoqda, – deydi Butunjahon intellektual mulk tashkiloti prezidenti Yun Mung Xi. – Xotin-qizlarga hurmat bilan munosabatda boʻlish, ularni eʼzozlash mushtarak maqsadimiz. Biz kelgusida Oʻzbekiston ixtirochi ayollari bilan hamkorlik rishtalarini mustahkamlashni koʻzlayapmiz.
Tadbir ishtirokchilari yurtimiz ixtirochi ayollari faoliyatiga bagʻishlangan koʻrgazma bilan tanishdi.