Oʻzbekiston universitetlari xalqaro reytinglarda eʼtirof etilishi mumkin

Oʻzbekiston universitetlari jahonning nufuzli reytinglarida eʼtirof etilganmi? Dunyoning yetakchi QS reyting agentligi, Niderlandiyaning “Elsevier“ kompaniyasi ekspertlari fikricha, yaqin kelajakda bu amalga oshishi mumkin.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida 14 yanvar kuni oʻz ishini boshlagan “Universitetlar va xalqaro reyting: rivojlanish strategiyasi” mavzusidagi xalqaro konferensiyada shu haqda maʼlum qilindi.

Xalqaro maydonda jahon universitetlari reytingini belgilab beruvchi tashkilotlar faoliyat koʻrsatadi. Ulardan biri “QS World University Rankings“ (QS – universitetlar xalqaro reytingi) boʻlib, mazkur reyting agentligining internetdagi veb-sahifasiga bir yilda oʻrta hisobda 65 milliondan ziyod foydalanuvchi kiradi.

Oʻtgan yildan boshlab mamlakatimiz QS bilan faol hamkorlikni boshladi. Ushbu hamkorlik Oʻzbekiston universitetlarini xalqaro reytinglarda eʼtirof etishga tayyorlashni koʻzda tutadi.

Mutasaddilar, xalqaro ekspertlar, poytaxtimizdagi oliy taʼlim muassasalari vakillari ishtirok etgan xalqaro konferensiyaning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari Uzoqboy Begimqulov shular haqida soʻzladi.

Anjumanda QSning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha direktori Zoya Zayseva ishtirokchilarni xalqaro reyting talablarini bajarish boʻyicha kerakli maʼlumotlar bilan tanishtirdi.

Xalqaro reyting talablarini bajarishda qator omillarga eʼtibor qaratish lozim. Bularning dastlabki uchtasi – xalqaro akademik hamjamiyat bilan hamkorlikni rivojlantirish, universitetlarning tanilish imkoniyatini oshirish, ish beruvchi bilan munosabatlarni rivojlantirishni oʻz ichiga olib, QS ularga oid natijalarni hisobga olib boradi. Yana bir muhim omil – bibliometriyadir. Reyting agentliklari ayni yoʻnalishda koʻproq “Scopus” (“Scopus” – bibliografik, referatlar boʻyicha maʼlumotlar bazasi va ilmiy maqolalardan iqtiboslar olinishini kuzatib boruvchi virtual maydon. Texnik, tibbiy va gumanitar fanlar boʻyicha 30 mingga yaqin ilmiy nashrlarni indekslagan) bilan ishlaydi.

Eʼtiborlisi, 2018 yildan boshlab Oʻzbekiston universitetlari mazkur tarmoqda oʻz profillarini ochib, maʼlumotlar joylab bormoqda. Bular ichida Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Toshkent davlat texnika universiteti yetakchilik qilmoqda. Misol uchun, Toshkent davlat texnika universiteti olimlarining xalqaro jurnallarda chop etilgan maqolalaridan iqtiboslar keltirish koʻpaygan. Ammo bu yetarli emas, xalqaro konferensiyalarda faol ishtirok etish, ularda oʻz universitetlari ilmiy salohiyatini koʻrsatish ham lozim.

Maʼlumotlarga koʻra, QS mingtalik reytingida Markaziy Osiyo davlatlari ichidan Qozogʻistonning 10 ta, Qirgʻizistonning 2 ta universiteti joy olgan. Xususan, Al-Forobiy nomidagi Qozogʻiston Milliy universiteti 220-oʻrinda boʻlib, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti, Singapur menejment universiteti, Inxa universiteti kabi yetakchi oliy taʼlim muassasalarini ortda qoldirgan.

Konferensiyada Al-Forobiy nomidagi Qozogʻiston Milliy universiteti prorektori Muhambetkali Burkitboyev xalqaro reytinglar boʻyicha Qozogʻiston erishgan tajribalar bilan oʻrtoqlashdi, Markaziy Osiyo davlatlarida faoliyat olib borayotgan aksariyat oliy taʼlim muassasalarini nega jahon tanimasligiga ham izoh berdi.

Uning fikricha, Markaziy Osiy davlatlari oliy taʼlim sohasida sobiq ittifoq davridan qolib kelayotgan anʼanalardan toʻliq voz kecholmayapti. “Mutaxassis tayyorlansa yetarli”, degan eski tushunchalar, fan taʼlimdan ajratib qoʻyilgani, xalqaro hamkorlik borasida faol tashabbuslar yetishmasligi xalqaro reytinglardan oʻrin olishga toʻsqinlik qilmoqda.

Tadbirda “Elsevier”ning mintaqaviy direktori Aliya Ospanova mamlakatimizda oliy taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar, xususan, soha rivojini taʼminlash uchun qabul qilingan hujjatlar, ular ijrosi doirasida olib borilayotgan ishlar mazmuniga baho berdi.

– Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonning 2030 yilga kelib Global innovatsion indeks reytingi boʻyicha jahonning 50 ilgʻor davlati qatoriga kirishiga erishishni vazifa etib belgilagani mamlakatingizda oliy taʼlimning ham s

ifat jihatidan yangi bosqichga chiqishini kafolatlashi, shubhasiz, – dedi Aliya Ospanova. – Boisi, ayni vazifa qamrovi keng boʻlib, barcha darajada taʼlim sifati va qamrovini oshirish, uzluksiz taʼlim tizimini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimining iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashuvchanligini taʼminlash kabilarni oʻz ichiga olgan.

16 yanvargacha davom etadigan anjuman doirasida xalqaro ekspertlarning Samarqand shahridagi oliy taʼlim muassasalari vakillari bilan uchrashishi rejalashtirilgan.

 

Malohat Husanova, OʻzA