Bir guruh harbiylarga davlat mukofotlari topshirildi

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 27 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi masʼullari, ofitser va generallar, serjant va kursantlar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi oʻqib eshittirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-leytenant Abdusalom Azizov soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining jangovar salohiyatini yuksaltirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, armiyani zamonaviy qurol-yarogʻlar bilan taʼminlash, harbiy xizmatchilarning jismoniy, maʼnaviy-intellektual tayyorgarligini oshirish va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotganini alohida taʼkidladi.

Prezidentimizning 2019 yil 11 yanvardagi “Vatan himoyachilari kuni va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 27 yilligi munosabati bilan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va harbiy xizmatchilardan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmoni bilan taqdirlangan harbiylarga II darajali “Shon-sharaf“, “Doʻstlik“ ordenlari, “Jasorat“, “Sodiq xizmatlari uchun“ medallari tantanali ravishda topshirildi.

photo5323580576227240495.jpg

– Davlatimiz tomonidan Vatanimiz tinchligi yoʻlida koʻrsatayotgan xizmatlarim yuqori baholanib, yuksak mukofotga, yaʼni II darajali “Shon-sharaf“ ordeniga loyiq koʻrilganimdan juda minnatdorman, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy qism komandiri Jurʼat Yoqubov. – Bayram arafasida mudofaa vazirining buyrugʻiga binoan menga polkovnik harbiy unvoni ham berildi. Bu eʼtirof kelgusi faoliyatimda katta masʼuliyat yuklaydi. Bundan keyin ham bor kuch-gʻayratim bilan harbiy sohada faol xizmat qilishga harakat qilaman.

Soʻnggi yillarda davlatimiz tomonidan mamlakatimiz mudofaa qudratini har tomonlama oshirish, yetuk va malakali harbiy kadrlarni tayyorlash, Vatan himoyachilari, ularning oilalari uchun munosib hayot sharoitlarini yaratishga alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yilda ham harbiy xizmatchilar uchun imtiyozli kreditlar asosida 116 koʻp qavatli uy foydalanishga topshiriladi. Davlatimiz rahbarining topshiriqlari bilan harbiy xizmatchilarning 700 dan ziyod farzandi oliy taʼlim muassasalariga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi. Shuningdek, harbiy shaharchalarni obod qilish, ularning hududida zamonaviy infratuzilmalar barpo etish boʻyicha olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar izchil davom ettiriladi.

Qurolli Kuchlarimizni modernizatsiya qilish, xususan, harbiy taʼlim sohasiga zamonaviy bilim, ilgʻor xorijiy tajribalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish boʻyicha boshlagan ishlar tizimli ravishda davom ettiriladi. Xususan, shaxsiy tarkib oʻrtasida milliy oʻzlikni anglash va jangovar ruhni, vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish, harbiy xizmatchilarning intellektual salohiyatini yuksaltirishga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Shu maqsadda yosh askar va kursantlar uchun harbiy qasamyod qabul qilishdan avval “Oʻzbekiston tarixi” fani va “Temur tuzuklari” kitobi boʻyicha sinov oʻtkazish tartibini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilmoqda.

Tizimda uzoq yillar samarali xizmat koʻrsatgan faxriylarga esdalik nishonlari topshirildi. Shuningdek, bir qator ofitserlarga polkovnik harbiy unvoni berildi.

 

Abdulaziz Musayev, Muhammad Amin (surat), OʻzA