25 dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Qozogʻiston adabiyoti va madaniyati markazining ochilishiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Ushbu markaz Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili doirasida tashkil etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi direktori A.Abduazizov, Qozogʻistonning Oʻzbekistondagi elchixonasi maslahatchisi M.Tuyakboyev, Qozogʻiston Milliy akademik kutubxonasi direktor oʻrinbosari A.Kojabekova va boshqalar Qozogʻiston adabiyoti va madaniyati markazi oʻzbek va qozoq xalqlarining doʻstligi va qardoshligining ramzi sifatida tashkil etilganini taʼkidladi.

Azaldan yonma-yon yashagan, qavmu qarindosh boʻlgan xalqlarimizning adabiyoti va madaniyati ham bir daryodan suv ichib, rivojlangan. Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili doirasida mamlakatlarimiz adabiy va madaniy muassasalari hamkorligida koʻplab tadbirlar oʻtkazildi. Mamlakatimizda Qozogʻiston adabiyoti va madaniyati markazining ochilishi ushbu hamkorlik bardavomligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Markazda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning faoliyati, uning xalqaro maydonda tutgan oʻrniga bagʻishlangan kitoblar, qozoq adiblarining asarlari oʻrin olgan. Shubhasiz, qozoq xalqining madaniy hayotini yorituvchi ushbu kitoblar oʻzbek kitobxonlari oʻrtasida katta qiziqish uygʻotadi.

Hozirgi kunda 23 mamlakatda Qozogʻiston adabiyoti va madaniyati markazlari faoliyat koʻrsatadi.

Tadbir davomida atoqli qozoq shoiri Abay Qoʻnonboyev ijodidan namunalar tinglandi. Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi va Qozogʻiston Milliy akademik kutubxonasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

 

Zuhra Mirzaboyeva, OʻzA