Xalqaro press-klub sessiyasida Oʻzbekistonda yoqilgʻi-energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, tejamkorlik va isteʼmol madaniyati borasidagi muammolar mutaxassislar ishtirokida tahlil qilindi.

Tadbirda soha mutaxassislari, mahalla faollari, mehnat faxriylari, ekspertlar va jurnalistlar ishtirok etdi.

Dastlab, “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi oʻrinbosari Odil Temirov tizimdagi muammolar haqida soʻz yuritdi.

Mutaxassisning taʼkidlashicha, bugungi kunda 100 ming nafardan ziyod katta mehnat jamoasiga ega neft-gaz tizimida muammolar koʻp. Jumladan, geologiya-qidiruv yoʻnalishida texnologiyalar, qurilmalar maʼnan eskirgan. Ularni yangilash zarur. Shu maqsadda 2017-2021 yillarga moʻljallangan dastur qabul qilingan va shu asosda ishlar boshlab yuborilgan.

Aksariyat neft-gaz konlari oʻttiz besh-qirq yillar davomida faqat ekspluatatsiya qilingan. Oʻz navbatida, tabiiy boyliklar zaxirasi ham cheksiz emas. Bugun mavjud konlarda ularni qazib olish jarayoni murakkablashgan. Masalan, bir vaqtlar gaz 1-1,5 ming metr chuqurlikdan qazib olingan boʻlsa, hozir bu koʻrsatkich 2-4 ming metrga yetgan.

Neft mahsulotlari qazib olish va ishlab chiqarish yoʻnalishi boʻyicha xomashyoning 40-50 foizi import qilinadi. Tabiiyki, bu jihatlar sohaga katta mablagʻ yoʻnaltirishni talab qiladi.

Boshqaruv raisi oʻrinbosarining fikricha, tizimdagi muammolarni hal qilishda investitsiya siyosati muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada ham qator masalalar yechimini kutib turibdi. Avvalo, energiya resurslarining amaldagi tarifini qayta koʻrib chiqish zarur. Shuningdek, “Oʻzbekneftgaz” AJ xalqaro reytingga ega emas. Bugungi kunda xalqaro tashkilotlar ishtirokida Oʻzbekistondagi yoqilgʻi-energetika korxonalari strategiyasini aniqlash borasida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Elektr energiyasi taʼminotidagi yangiliklar ham koʻpchilikni qiziqtiradi. Tadbirda ishtirok etgan “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining oʻrinbosari Roʻziqul Raimov bu haqda maʼlumot berdi.

– Joriy yilning 9 oyida 45,5 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi va reja 104 foizga bajarildi. Yil davomida 63,7 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan, – dedi u. – Elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi stansiyalarning 84 foizi 50 yildan buyon ishlab keladi. Binobarin,ularni bosqichma-bosqich taʼmirlash ehtiyoji yuzaga kelgan. Mamlakatimizda 8700 kilometrlik magistral tarmoqlar mavjud. Ularning 2400 kilometrida taʼmirlash ishlari olib borish kerak. Past kuchlanishli havo tarmoqlari, yaʼni simyogʻochlarning 60 foizi eskirgan. Bularning barchasi tizimda tub islohotlar amalga oshirishni talab qiladi.

“Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyati tizimi ham muammolardan xoli emas. Jamiyat boshqaruvi raisi Sharifjon Tursunovning aytishicha, gaz quvurlari doimiy nazoratda boʻlishi kerak. Aksariyat quvurlar eskirgan. Bunga asosiy sabab mablagʻlarning notoʻgʻri taqsimlangani, gaz taʼminoti toʻgʻri boʻlmaganidadir. Albatta, bu boradagi vaziyatni u qadar ogʻir, deb boʻlmaydi. Lekin tizim islohotlarga muhtoj.

Tadbirda mehnat faxriylari mavzuga doir keskin tanqidiy fikrlar bildirdi.

– Bu boradagi islohotlarni tizimda talon-tarojliklarga barham berishdan boshlash kerak. Xususan, elektr energiyasi, gazdan noqonuniy foydalanishga chek qoʻyish, uskunalarni talon-taroj qilishning oldini olish zarur. Bugun Majburiy ijro byurosi xodimlari aholidan toʻlovlarni undiradi, xolos. Fikrimizcha, bu tizim aholi manfaatlarini ham himoya qilishi kerak. Yaʼni elektr energiyasi, suv va gaz taʼminotidagi uzilishlar yoki yetishmovchilik kabi masalalarda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib borish maqsadga muvofiq, – dedi Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi raisi oʻrinbosari Sharof Ubaydullayev.

Xalqaro press-klub sessiyasida mavzuga doir muhokamalar qizgʻin kechdi. Jurnalistlar savollariga javob qaytarildi.

 

Ulugʻbek Asrorov, OʻzA