Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga davlat tashrifi oldidan Oʻzbekistonning Dehli shahridagi elchixonasi Hindiston ommaviy axborot vositalari uchun qator axborot tadbirlarini oʻtkazmoqda.
Mamlakatimizning diplomatik vakolatxonasida tashkil etilgan matbuot-brifingida Hindistonning yetakchi nashrlari, telekanallari, axborot agentliklari va onlayn nashrlaridan 50 na yaqin vakil ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligining alohida topshiriqlar boʻyicha elchisi I.Neʼmatov va mamlakatimizning Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi F.Arziyev Hindiston matbuoti xodimlariga davlatimiz rahbarining boʻlajak davlat tashrifi ahamiyati, mintaqaviy va xalqaro masalalarda ikki tomonlama munosabatlarning surʼati, iqtisodiy va savdo aloqalarning holati toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Shuningdek, madaniyat, kinematografiya, investitsiya va turizm sohalaridagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi.
Matbuot-brifingida Oʻzbekiston Prezidentining Hindistonga davlat tashrifi har jihatdan samarali va natijador boʻlishi hamda xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik anʼanaviy doʻstlik munosabatlarida yangi sahifani ochishi alohida taʼkidlandi.
Janubi-Sharqiy Osiyoning xalqaro muxbirlari klubida tashkil etilgan matbuot-brifingi ham Prezidentimizning Hindistonga boʻlajak davlat tashrifiga bagʻishlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vaziri oʻrinbosari S.Saifnazarov, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Sh.Burnashev, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari U.Qosimxoʻjayev va boshqalar Dehlida akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy muxbirlarining Oʻzbekiston-Hindiston savdo va iqtisodiy munosabatlari, mamlakatimizning investitsiyaviy va turizm salohiyati, ikki davlatning mintaqaviy va xalqaro masalalardagi hamkorligi toʻgʻrisidagi savollariga javob berdi. Tadbir xalqaro muxbirlar klubining feysbuk-sahifasida real vaqt rejimida yoritildi.
Ushbu tadbirlar tufayli gazeta va jurnallar, internet-nashrlar, ijtimoiy tarmoqlar va televideniye kanallarida 200 ga yaqin materiallar eʼlon qilindi nashr etildi.
OʻzA