Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Hindistonga davlat tashrifi arafasida Dehlida OAVning mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati, turistik jozibadorligi, koʻp qirrali ikki tomonlama munosabatlar va biznes almashinuvga bagʻishlangan maxsus sonlari chop etildi.
Xususan, har oy chop etiladigan Business Central Asia jurnalining sentyabr oyidagi soni toʻliq Oʻzbekistonga bagʻishlandi. Bu nashr (adadi – 40 ming nusxadan ortiq) Hindistonning rasmiy va ishbilarmon doiralari, diplomatik va xalqaro vakolatxonalari orasida koʻp oʻqiladi. Jurnal mualliflari va hindistonlik ekspertlar tomonidan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, siyosiy oʻzgarishlar tahlil qilinib, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan tashqi siyosat, oʻzaro manfaatli ikki tomonlama munosabatlar, turizm va aviaqatnovlar, investitsiyaviy jozibadorlik sohasidagi yangiliklar sharhiga alohida eʼtibor qaratilgan. Ayrim maqolalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyeyovning BMT Bosh Assambleyasidagi maʼruzasida va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida ilgari surilgan xalqaro va ichki siyosatga doir tashabbuslariga bagʻishlangan.
“Oʻzbekistonda nima oʻzgardi?” sarvlavhali maqolada mintaqaviy siyosat, qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona munosabatlarni rivojlantirishga, mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlarga yuksak baho berilgan. “Oʻtgan bir yarim yil ichida Oʻzbekiston Prezidenti 25 oliy darajadagi tashrifni amalga oshirdi, Oltmishdan ziyod davlat va hukumat rahbarlari bilan uchrashdi, ular doirasida savdo va investitsiya sohalarida 400 dan ortiq shartnoma imzolandi”, deyiladi materialda. “Oʻzbekiston rahbariyati oʻzining innovatsion yondashuvi hamda ichki va tashqi siyosati samarali ekanini amalda isbotladi, bu nafaqat Oʻzbekiston, balki uning Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishidan manfaatdor xorijiy hamkorlari uchun ham muhimdir”.
Jurnal sahifalarida, shuningdek, Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish yoʻlidagi saʼy-harakatlari, terrorizm va ekstremizmning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlari, energetika sohasidagi oqilona qarorlari haqidagi maqolalar ham chop etilgan. Xususan, “Ekstremizmning oldini olishning oʻzbekcha modeli” nomli maqolada hindistonlik mashhur ekspert Mina Sinx Roy Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan yoshlar siyosatining oʻziga xos jihatlarini ochib berar ekan, mamlakat uchun taʼlim, diniy va dunyoviy bilimlarni egallash jamiyatni rivojlantirish va zamonaviy xavf-xatarlarning oldini olishning asosi hisoblanishini qayd etgan.
Bundan tashqari jurnalda ziyorat turizmi, Oʻzbekistonda sayyohlarning xavfsizlik darajasi, elektron va tranzit viza sohasidagi yangiliklar, shuningdek mamlakatimizda joriy yilning kuzida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan madaniy va biznes tadbirlar haqida maʼlumot berilgan.
Business Magazine jurnali bosh sahifasida “Oʻzbekiston-Hindiston: savdo va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar” sarvlavhasi ostida Oʻzbekiston va Hindiston rahbarlari suratlarini chop etgan. Ushbu nashr Hindiston Tijorat va sanoat palatasi tomonidan Oʻzbekistonning Dehlidagi elchixonasi bilan hamkorlikda tayyorlangan boʻlib, ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlar, Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi oʻzgarishlar dinamikasi, sarmoyaviy imkoniyatlar, erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish, farmatsevtika sohasidagi hamkorlik, shuningdek Oʻzbekistonning sayyohlik jozibadorligiga bagʻishlangan. “Hindiston bilan biznes hamkorlik qilish uchun Oʻzbekiston barcha imkoniyatlarga ega: Markaziy Osiyodagi eng yirik bozor, siyosiy va makroiqtisodiy barqarorlik, tabiiy resurslarning boy zaxirasi, inson kapitali va energiya resurslari”, deyiladi jurnal maqolalarining birida. Nashr Hindiston xususiy sektori eʼtiborini Oʻzbekiston bilan investitsiyaviy hamkorlikka jalb qilishga qaratilgan.
Hindistonning Mikro, kichik va oʻrta biznesi forumi tomonidan “Hindiston-Oʻzbekiston biznes hamkorligi” mavzusida maxsus nashr chop etildi. Unda Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi chuqur aloqalar batafsil tahlil qilingan.
Ikki tomonlama savdo aylanmasiga doir raqam va faktlar keltirilgan, Hindiston yirik biznes tuzilmasining Oʻzbekistondagi qoʻshma loyihalari, farmatsevtika sohasida investitsiya kiritish imkoniyatlari, erkin iqtisodiy zonalar, sarmoyadorlar uchun taqdim etilayotgan imtiyoz va afzalliklar, transport kommunikatsiyalari, logistika, viza va boshqa tartib-taomillarga doir maʼlumotlar taqdim etilgan.
Visit Uzbekistan jurnali toʻliq mamlakatimiz sayyohlik salohiyati va xalqlarimiz oʻrtasidagi madaniy aloqalarga bagʻishlandi. Oʻzbekistonning Dehlidagi elchixonasi tomonidan tayyorlangan nashrda turizmning qiziqarli yoʻnalishlari va hind jamoatchiligi uchun sarmoyalarga bagʻishlangan maqolalar, fotoreportajlar va yorqin materiallar jamlangan. Xususan, Shahrisabzda oʻtgan xalqaro maqom festivali, Buxoroda oʻtkaziladigan anʼanaviy “Ipak va ziravorlar” festivali, Oʻzbekiston shaharlarida “Xoychoy” hind filmining suratga olish jarayoni haqidagi materiallar, shuningdek, hind mualliflarining Samarqand, Margʻilon, Qoʻqon, Andijonga tashrifi, oʻzbek ipagi, sopol buyumlari, anʼanalari va mehmondoʻstligi haqidagi maqolalar oʻquvchilarda katta qiziqish uygʻotmoqda. Jurnal vizual taqdimot, yorqin suratlar va matnlarning qisqa va aniqligi bilan ajralib turibdi.
Hindiston ommaviy axborot vositalari Prezident Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga davlat tashrifiga tayyorgarlik jarayonini maxsus maqolalar, yetakchi telekanallardagi koʻrsatuvlar, sayt va ijtimoiy tarmoqlarda materiallar berib borish orqali keng yoritib bormoqda.
OʻzA