Tahlillarga koʻra, biznes olamida yuqori choʻqqilarni zabt etgan ishbilarmonlarning koʻpchiligi u yoki bu mamlakat bozoriga kirayotganda, eng avvalo aniq, davrlar sinovidan oʻtgan qoidalarga asoslanib ish yuritishadi.
Globallashuv jarayonlarida, ayniqsa, dunyo bozorida raqobat kuchayib borayotgan bir paytda biznesda jon saqlash, yaʼni hamkorlar va doimiy mijozlarni saqlab qolish oson ish emas. Qolaversa, koʻp hollarda ayrim davlatlarning milliy qonunchiligida investor uchun mutlaqo yangilik boʻlgan farqli normalarning mavjudligi ham sarmoya kiritayotgan tadbirkorlarga qator qiyinchiliklarni tugʻdiradi. Bunday hollarda davlat investorlarga qoʻshimcha imtiyozlar beradi hamda mamlakatdagi biznes muhitni oʻrganib sarmoyadorlarni jalb qiladigan kompaniyalar xizmatidan foydalanadi.
Oʻzbekistonda oʻz biznesini yoʻlga qoʻyish uchun istiqbolli loyihalarga kattagina mablagʻ tikishga tayyor boʻlgan xorijiy investorlarning soni kun sayin oshib borayotgani mamlakatda oʻtkazilayotgan forum va uchrashuvlarda qayta va qayta taʼkidlanmoqda. Bu bejizga emas. Chunki, joriy yilning 6 oyi davomida asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyaning jami miqdori 41 trillion soʻmdan oshgan. Bu esa oʻsish koʻrsatgichlarida 113,4 foizni koʻrsatmoqda.
Sarmoyaning 20,9 foizi, yaʼni 8,5 trillion soʻmga yaqini esa xorijiy investorlar tomonidan kiritilgan mablagʻlar hisoblanadi. Mazkur holatda oʻsish koʻrsatgichi 92 foizga tengdir. Kiritilayotgan mablagʻlarning sohalar boʻyicha tahliliga eʼtibor bersak, togʻ-kon va qayta ishlash sanoati, energetika sohalariga xorijiy investorlarning qiziqishlari tobora ortib bormoqda.
Soʻnggi ikki yil ichida Oʻzbekistonda tadbirkorlikka yaratilgan qulay biznes muhiti koʻplab investorlarning eʼtiboriga sabab boʻldi. Bu natijaga puxta oʻylangan reja va chuqur tahlillarga asoslanib Davlat rahbari tashabbusi bilan investorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qarorlarning qabul qilinishi evaziga erishildi. Ular asosida chet ellik sarmoyadorlarga koʻplab imtiyoz va preferensiyalar berildi, yangi erkin iqtisodiy zonalar tashkil etildi va qonunchilikdagi boʻshliqlar toʻldirildi. Gapning sirasini aytganda mamlakatda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratishga jiddiy kirishildi.
Dunyo tajribasida oʻzga bir mamlakatda biznes qilishni koʻzlagan sarmoyador, faoliyatni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish boʻyicha turli xizmatlarni koʻrsatuvchi kompaniyalarga murojaat qiladi. Ular esa davlatning barcha imkoniyatlarini oʻrganib chiqadi, investor ushbu maʼlumotlarga tayanib yakuniy qarorga keladi. Hozirgi kunda tadbirkorlarni muhim axborotlar va maʼlumotlar bilan qurollantirib kelayotgan kompaniyalardan biri “Schneider Group” Yevropa va MDHning 10 dan ortiq mamlakatlarida oʻz ofisini ochgan. Bugungi kunga kelib, Toshkentda ham ularning ofisi ish boshladi.
– Oʻzbekiston Prezidenti juda muhim qaror qabul qilib, mamlakat oʻzaro manfaatli biznes munosabatlar uchun ochiq ekanini bildirdi, – deydi “Schneider Group” kompaniyasi Bosh direktori Ulf Shnayder. – Masalan, avvallari muammo boʻlgan viza olish tartibi soddalashtirildi. Yaʼni, chet elliklar duch keladigan ilk toʻsiq bartaraf etildi. Shu safar yurtingizga tashrifim chogʻida koʻplab ijobiy oʻzgarishlarga guvoh boʻldim. Valyuta konvertatsiyasi boʻyicha amalga kiritilgan yangi tartiblar. Bu bilan xorijiy investorlar faoliyatidagi yana bir muammo hal etildi. Soliq qonunchiligidagi oʻzgarishlar va qolaversa, sohaga oid barcha qonun-hujjatlarini bir kodeksda jamlash boʻyicha qilinayotgan ishlar ham biz, investorlarni quvontirmoqda. Aytishim kerakki, mamlakatingizdagi bir nechta zavod va fabrikalarda boʻlganimda u yerda shijoat bilan mehnat qilayotgan menejer va ishchilar menda iliq taassurot qoldirdi. Ana shulardan kelib chiqib ham men Germaniyadagi koʻplab potensial biznes vakillarini Oʻzbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirmoqchiman. Shuning uchun ham Toshkentda “Schneider Group” kompaniyasining ofisini ochishga qaror qildim va bunga erishdim ham.
Aynan ushbu Kengashning muvaffaqiyatli faoliyati va Germaniyadagi ishbilarmon doiralarning Oʻzbekistonga qiziqishi ham “Schneider Group” kompaniyasining Toshkentda ofis ochishiga asosiy turtki boʻldi. Ushbu biznes markaz nemis investorlarining mamlakatimizga integratsiya jarayonlarini tezlashtirishga yordam beradi. Bir soʻz bilan aytganda ularning yaqin koʻmakchisiga aylanadi.
Taʼkidlash joizki, mamlakat bozorida buxgalteriya, moliya va biznes-konsalting xizmatlarini kengaytirish, shuningdek, har qanday iqtisodiy jarayonlarni tahlil qilish, qonun-hujjatlarini oʻrganish hamda ular asosida xulosa va takliflar tayyorlash ham ushbu ofis vazifalaridan sanaladi.
Xorijlik investorlar eng avvalo, shartnoma shartlari bajarilishini kafolatlash majburiyatlari, huquqiy bazaning tushunarliligi va biznesdagi shaffoflik mezonlariga alohida eʼtibor qaratishadi. Shuning uchun ham hozir Oʻzbekistonda hukm surayotgan ishbilarmonlik muhiti allaqachon qator rivojlangan mamlakatlarda qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
– Biz Germaniyaning Frankfurtida “Manufactures” ishlab chiqaruvchilar forumini oʻtkazishni rejalashtirganmiz, – deydi “Schneider Group” kompaniyasi Bosh direktori Ulf Shnayder. – Forumga nemis kompaniyasidan vakillarni taklif qilib, Oʻzbekistonda qanday biznes boshlash mumkinligi haqida maʼlumot beramiz va albatta muvaffaqiyatli yakunlangan investitsion loyihalardan misollar keltiramiz. Forumga tayyorgarlik jarayonida Namangan viloyatida toʻplagan maʼlumotlarim juda asqotdi. Bizning oʻz nashriyot uyimiz ham bor. Unda chop etilgan materiallar orqali Germaniyadagi koʻplab tadbirkorlarni mamlakatingizdagi biznes muhit va imtiyozlar bilan tanishtirishdagi imkoniyatlarimiz yanada kengayadi. Shu yoʻsinda Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasida istiqbolli va ishonchli biznes hamkorlik yoʻlga qoʻyilganidan juda xursandmiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi
Media markazi bilan hamkorlikda tayyorlandi
O’zA