Oʻzbekiston-Hindiston munosabatlariga bagʻishlangan davra suhbatlari boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga ilk davlat tashrifi arafasida ushbu mamlakatning yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlarida – Mudofaa tadqiqot va tahlil instituti hamda Vivekananda xalqaro jamgʻarmasida mamlakatlarimizning taniqli olimlari, tahlilchi va ekspertlari Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini tahlil qilishga bagʻishlangan davra suhbatlarini oʻtkazdi. 

Ilmiy asosda fikr almashish chogʻida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekiston hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, mamlakatimizda xorijiy investitsiyalar uchun mavjud ulkan salohiyat, shuningdek, xalqaro ahamiyatdagi masalalar, jumladan, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash diqqat markazida boʻldi.

Ekspertlar iqtisodiyotning real sektorida, taʼlim, farmatsevtika, turizm va savdo sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligini qayd etdi. Hindiston ulkan muvaffaqiyatlarga erishayotgan axborot texnologiyalari va innovatsiyalar sohasida katta istiqbollar mavjudligi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S.Safoyev, Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligining alohida topshiriqlar boʻyicha elchisi I.Neʼmatov, Oʻzbekistonning Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi F.Arziyev, “Taraqqiyot strategiyasi“ markazi rahbari A,Burhonov, Vivekananda xalqaro jamgʻarmasi direktori A.Gupta, Hindistonning Oʻzbekistondagi sobiq elchisi S.Tayal va boshqalar Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Oʻzbekistonda olib borilayotgan samarali islohotlar mamlakatning yanada jadal rivojlanishi uchun yangi istiqbollarni ochgani, xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy diplomatiyaga xizmat qilayotganini taʼkidladi.

Hindistonning yetakchi tadqiqot markazlaridagi munozaralar ikki mamlakat ekspert hamjamiyatlari vakillariga Oʻzbekiston-Hindiston hamkorligining yangi davrida turgan vazifalar xususida tasavvur hosil qilish imkonini berdi.

 

OʻzA