Aka-uka rassomlar koʻrgazmasi

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi koʻrgazmalar saroyida andijonlik moʻyqalam ustalari Noʻʼmonjon va Abdullajon Xolmirzayevlarning “Tol beshikdan boshlangan dunyo” nomli sayyor koʻrgazmasi ochildi.

Koʻrgazmada aka-uka rassomlarning rangtasvir va grafika yoʻnalishida ishlangan 60 dan ziyod asari namoyish etilmoqda.

Noʻʼmonjon Xolmirzayevning koʻrgazmadan oʻrin olgan “Kompozitsiya”, “Mirzachoʻl”, “Mirzachoʻl qamishlari”, “Rassom choʻlda” kabi ishlarida betakror tabiat manzaralari aks ettirilgan.

Abdullajon Xolmirzayev tomonidan taqdim etilgan “Insoniyat tarixidan turkumlar”, “Qizaloq”, “Qiyofa”, “Tavba”, “Misrga qochish” kabi asarlari kishini falsafiy mushohadaga chorlaydi.

 

Maqsad Habibullayev (surat) OʻzA