Oʻlib borayotgan shaharlar

Sarlavhani oʻqib, “shaharlar ham oʻlar ekanmi?”, degan savolni berishingiz mumkin. Bu yerda gap koʻchma maʼnoda ketmoqda.
 
photo5253608515229034805.jpg
 
Odamlar yashamaganidan keyin shaharlar ham “oʻladi”. Bunga tabiiy ofatlar – suv toshqinlari, quyun, boʻron, toʻfon, vulqon otilishi, zilzilalar sabab boʻladi. Hozir biz tabiiy ofatlar natijasida emas, balki insonlarning taʼsirida yoʻq boʻlib ketagan shahar va qishloqlar haqida soʻz yuritamiz.
Rossiyada suv ostida qolgan shaharlar haqida gapirganda, bu roʻyxatga Mologa, Kalyazin, Korcheva, Vesyegonsk, Puchej, Spassk-Tatarskiy, Berdsk, Shagonar kabi shaharlarni kiritish mumkin. Bu shaharlar suv omborlari qurilishi munosabati bilan suv ostida qolgan.
Toʻgʻri, shahar aholisi boshqa joyga koʻchirilgan. Masalan, Samara viloyatidagi Stavropol qishloq aholisi suv ombori qurilganidan soʻng yangi joyga koʻchirilgan. Bu joy hozirda Tolyatti deb ataladi. Yaroslav viloyatidagi Mologa aholisi ham toʻgʻon qurilishi sababli qoʻshni Ribinsk va Tutayev shaharlariga koʻchirilgan. Mologa aholisi oʻz shaharlarini unutishmagan. Ular har yili avgust oyi oʻrtalarida choʻkib ketgan shaharlarini kemada ziyorat qilishni anʼanaga aylantirgan.
Tahlilchilarning fikricha, yirik suv omborlari va toʻgʻonlar qurilishi munosabati bilan oʻnlab qishloqlar suv ostida qoladi. Masalan, xitoylik rassom va suratchi Yang Yi choʻkish arafasida turgan oʻz qishlogʻini suratlarda aks ettirishga harakat qilgan. Uning Chunsin viloyatidagi Kaysyan qishlogʻi 2009-yilda yoʻq boʻlib ketdi. Bunga Yanszi daryosiga “Uch dara” nomini olgan jahonda eng yirik boʻlmish gidroelektro stansiyasining qurilishi sabab boʻlgan. Muxbirlarning soʻzlariga qaraganda, GES qurilishi oqibatida 1300 qishloq, 140 posyolka va 12 shahar suv ostida qolgan yoki yoʻq qilingan. 1,3 million kishi kindik qoni toʻkilgan yurtlaridan bosh olib ketishga majbur boʻldi. Yang Yi 1800 yillik tarixga ega shahar hayotini 2005-yilda suratga olishga muvaffaq boʻldi.
Shaharsozlikdagi xatoliklar ham bir qator fojialarga sabab boʻladi. Xitoy Taypeyidagi Sanchji bunga misol boʻla oladi. Bu shahar oʻtgan asrning 70-yillarida finlyandiyalik meʼmor Matti Suronen loyihasi asosida qurila boshlandi. Uylar xuddi uchar likopchaga oʻxshab ketardi. Biroq loyiha qimmat boʻlgani bois qurilish boshlandi-yu tashlandi. Barpo etilgan binolar sayyohlarni oʻziga jalb qilayotgan boʻlishiga qaramay, shaharga kutilganidan ham oz sayyohlar tashrif buyurmoqda. 2008-yilda shaharni buzib tashlash haqida qaror qabul qilindi va ikki yil oʻtib butunlay buzib tashlandi.
AQSHda 1970-yilda Sent-Luis shahrining Pruitt-Aygou mavzesidagi qurilishlar muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Mavze bir zumda yoʻq qilindi. Bu jarayon televideniye orqali namoyish etildi. Mavze meʼmor Minoru Yamasaki tomonidan oʻtgan asrning 50 yillarida loyihalashtirilgan boʻlib, 33 ta bino oʻrta sinf vakillari uchun turar joy inshooti sifatida namunaviy boʻlishi kerak edi.
Mavzeda istiqomat qiluvchilarning qashshoqligi jinoyatlarning koʻpayib ketishiga olib keldi. Bu oʻz navbatida nazorat qoʻldan chiqib ketganini anglatdi. Aholi uy va kommunal xizmatlar uchun haq toʻlamagani bois binoga xizmat koʻrsatish toʻxtatildi. Natijada binolar vayronaga aylandi. Hukumat mavzeni falokatli hudud, deb eʼlon qildi va 1972-yildan boshlab odamlarni binolardan olib chiqa boshladi. Mavze toʻrt yil deganda odamlardan toʻla ozod qilindi.
Bir kishi butun bir shaharni yoʻq qilishi mumkinmi? Mumkin ekan. 2004 yilda AQSHning Grenbi shahrida istiqomat qiluvchi Marvin Ximeyer shu ishni qildi. U oʻziga tegishli yerlarni “Mointain park” zavodi egallab olishidan jahli chiqib buldozeri bilan mahalliy zavodni, maʼmuriyat binosini, mahalliy gazeta idorasini va oʻnlab turar joy binolarini yer bilan yakson qildi. Toʻgʻri, insoniy talofatlar qayd qilinmadi. Ximeyerning oʻzi esa oʻz joniga qasd qildi.
Koʻplab aholi punktlari harbiy harakatlar natijasida yer yuzidan supurib tashlanmoqda. Ayrim shaharlar keyinchalik qayta tiklangan. Bunga dahshatli bomba hujumlariga uchragan Drezden, Xirosima va Nagasaki shaharlarini misol sifatida keltirish mumkin. Bu uchala shahar ham 1945-yilda butunlay yoʻq qilingan boʻlishiga qaramay, keyinchalik qayta tiklangan edi.
Qizil dengiz sohilidagi Yamit shahrining tarixi oʻzgacha. Bu shahar 1960-yillarning oxirida bosib olingan Misr yerlarida barpo etilgan. Shahar avtomobil harakatidan holi boʻlib, juda ham shinam edi. Aholi endigina joylashib, maktab va bolalar bogʻchalari qurib tinch yashay boshlanganlarida shahar Misrga qaytarildi. Aholi esa Isroil tomonidan koʻchirib yuboriladi, uylar buzib tashlanadi.

 

OʻzA