“Ochiqlik indeksi” reytingi eʼlon qilindi

Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasi tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash, faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish boʻyicha jamoatchilik kengashi shakllantirilgan. Ushbu kengash ekspertlar ishtirokida davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilib, baholash natijalarini har yili ikki marotaba eʼlon qilib boradi.
photo5253788985459845636.jpg
Bugun “Taraqqiyot strategiyasi” markazida Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining “Ochiqlik indeksi” boʻyicha navbatdagi reytingi eʼlon qilindi. Uning natijalariga koʻra, Sogʻliqni saqlash vazirligi 64.30 ball bilan mamlakatimizdagi 45 ta davlat hokimiyati va boshqaruvi organi orasida – 4 oʻrinni, 21 ta vazirlik ichida esa 3-oʻrinni egalladi.
photo5253788985459845638.jpg
Oʻtgan galgi reyting baholashda Sogʻliqni saqlash vazirligiga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari orasida 5-oʻrin berilgan edi. Joriy yil 1-iyulgacha boʻlgan davrni oʻzida ifodalagan “Ochiqlik indeksi” reytingi 45 ta davlat hokimiyati va boshqaruvi organini qamrab oldi.
Shu paytgacha reyting baholashda faqat davlat organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga eʼtibor qaratilgan boʻlsa, joriy yildan bu ishlarning sifati va soni, uning samaradorligini baholash kabi yangi mezon asosida oʻtkazildi. Bunda, eng avvalo, davlat hokimiyati organlari rahbariyatining keng auditoriya bilan muloqoti, uchrashuv, matbuot anjumanlari, brifinglardagi bevosita ishtiroki, axborot xizmatlari faoliyati va ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi hamda aholi murojaatlarini oʻz vaqtida qanoatlantirilganiga alohida urgʻu berildi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunida belgilangan talablarga toʻliq rioya qilgan holda faoliyat olib bormoqda. Bunda vazirlik Matbuot xizmati fuqarolarning ijtimoiy ahamiyatga molik axborotlardan foydalanish huquqini kafolatlash, davlat organlari va aholi oʻrtasida oʻzaro axborot almashishning aniq mexanizmlarini yaratish boʻyicha qator amaliy ishlar olib bormoqda.
Maʼlumot uchun, ushbu reytingdagi uchlikni Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Markaziy bank egallab turibdi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi 
Axborot xizmati.

 

O’zA