Qonun ustuvorligi: bu borada yoshlar nima deydi?

Poytaxtimizdagi Yoshlar markazida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi shahar kengashi tomonidan “Qonun ustuvorligi yoshlar nigohida” deb nomlangan seminar boshlandi.
Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 14-sentyabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonunining maqsadi yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonun 33 moddadan iborat.
Unda Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 14-sentyabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonunida yoshlar (yosh fuqarolar) — 14 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan shaxslar etib belgilangan.
Demak, 30 yoshdan oshganlar endi yosh hisoblanmaydi.
Qonunga koʻra, yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, ochiq va sifatli taʼlimni taʼminlash, ularning hayoti va sogʻligʻini saqlash, maʼnaviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga koʻmaklashishdan iborat. Shuningdek, ishga joylashtirish va ularning bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish, vatanparvarlik, fuqarolik tuygʻusi, bagʻrikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli taʼsirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga boʻlgan qatiy ishonch va qarashlarga ega qilib tarbiyalash asosiy maqsaddir.
Yurtimizda yoshlarni axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan, terrorizm va diniy ekstremizm, separatizm, fundamentalizm, zoʻravonlik va shafqatsizlik gʻoyalaridan himoya qilish, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirish ham eʼtiborda.
Bu xatti-harakatlar samara beryaptimi?
Istiqlolning ilk yillaridanoq yoshlarda sogʻlom turmush tarziga intilishni shakllantirish, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish va yoshlar sportini ommaviy rivojlantirish uchun sharoitlar yaratilgan. Ammo bu yoshlar qatlamini toʻliq qamrab olayotgani yoʻq. Buning uchun hech bir tashkilot yoki muassasa aybdor emasligi taʼkidlanmoqda. Har bir oila oʻz imkoniyati va dunyoqarashidan kelib chiqib shart-sharoitlardan foydalanmoqda.
Seminarda mutaxassislar va yoshlar bu borada va uyushmagan yoshlar masalasida tanqidiy fikrlar bildirdi.

 

B.Meliqulova, OʻzA