Mana 2024 yil ham yakunlanib, yangi 2025 yil kirib keldi. Jamiyat hayotida bosib o‘tilgan har bir davr muayyan taassurotlar bilan tarixga muhrlanishi tayin. Shunisi aniqki, xotira, taassurot va xulosalar qanday bo‘lishidan qat’i nazar, yangi yilni umid, ezgu niyatlar bilan boshlash yaxshi an’anaga aylangan.
Oʻtgan yil Oʻzbekiston xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti sifatida, mintaqa va global darajada faol tashqi siyosat olib borib, xorijiy hamkorlar bilan oʻzaro manfaatli munosabatlarni faol rivojlantirdi, deyish mumkin. Ayni jarayonda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka oid dolzarb mavzular, zamonaviy tahdid va xatarlar, yangi dunyo tartibotini shakllantirishga nisbatan qarashlar va yondashuvlar shakllantirildi. Eng muhimi, mamlakatimiz tashqi siyosati dunyo davlatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilmoqda.
OʻzA muxbiri oʻtgan yil yurtimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida kuzatilgan muhim oʻzgarishlar, tendensiyalar hamda ichki va tashqi siyosatning asosiy yoʻnalishlari, shuningdek, joriy 2025-yilda kutilayotgan geosiyosiy vaziyat xususida ekspertlar fikrini yozib oldi.
Shoislom Akmalov, Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi dotsenti:
– Oʻzbekiston Respublikasining keyingi yillardagi mardonavor, oʻta oqilona, shu bilan birga uzoq istiqbolga yoʻnaltirilgan tashqi siyosat bobidagi amaliy saʼy-harakatlari dunyo va mintaqa davlatlari ekspertlari diqqat-eʼtiboridan muqim joy olgani barchamizga maʼlum.
Keyingi davrda biroz talotoʻp, beqaror va osoyishtalikdan yiroq xalqaro vaziyat kuzatilayotgani ham sir emas. Shunday bir murakkkab vaziyatda davlatimiz va xalqimiz xavfsizligiga zarar yetkazmagan holda, jahon mamlakatlari bilan barqaror va tahdidlardan yiroq amaliy munosabatlar yoʻlga qoʻyilishi yurtimizni turli girdoblardan omon asrab kelmoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Taʼkidlash joiz, 2024-yil Oʻzbekiston tashqi siyosati uchun samarali va faol keldi. Deyarli barcha mamlakatlarga daxldor global darajadagi siyosiy-harbiy va iqtisodiy jarayonlar qaysi shakl-shamoyilda yuz bergan boʻlmasin, millat yetakchisining tashqi siyosatdagi izchilligi, har qanday sharoitda ham mamlakat manfaatlarini himoya qilishga yoʻnaltirilgan strategiyasi, Markaziy va Janubiy Osiyoda ijobiy oʻzgarishlar koʻzlangan ochiqlik usuli tufayli xalqaro ahamiyatga ega natijalar qoʻlga kiritildi. Bunday pragmatik va oqilona yondashuv mintaqada barqarorlik, osoyishtalik, mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch vaziyatini yaratish bilan birga, respublikamizga nisbatan mintaqaviy yetakchi, barchaga taalluqli muammolarni hal eta oladigan xalqaro munosabatlarning faol subyekti sifatida qarash imkonini bermoqda.
Qayd etish kerak, tashqi siyosat kun tartibidagi barcha nozik jihatlar mazmun-mohiyatini chuqur idrok etish, milliy manfaatlar ustuvorligi tamoyilini eʼtiborga olgan holda, xalqaro huquq meʼyorlariga asoslangan pragmatik mintaqaviy va global siyosiy yoʻlni tanlash Oʻzbekiston xalqaro darajada oʻziga xos kuchlardan biriga aylanishiga koʻmaklashdi.
Zamon bilan hamnafas boʻlibgina qolmasdan, jahon miqyosidagi ehtimoliy tahdidli jarayonlar oldini olish orqali oʻlkamiz siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy xavfsizligini bekam-u koʻst taʼminlash maqsadidan kelib chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Bosh vazir lavozimiga nomzodni koʻrib chiqish va Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakatlar dasturi muhokamasiga bagʻishlangan 2024-yil 20-noyabr kuni boʻlib oʻtgan majlisidagi nutqida “mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish uchun samarali tashqi siyosat olib borish, doʻst va hamkorlarimiz doirasini kengaytirish, yaqin qoʻshnilarimiz bilan mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish oʻta muhim vazifadir”, deya taʼkidladi. Bu davlatimiz jahon miqyosida juda tez surʼatda kechayotgan murakkab va chigal masalalarga masʼuliyat bilan yondashayotgani, yurtimiz osoyishtaligiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan omillarni oldindan bartaraf etishga intilayotganidan dalolat.
Tashqi siyosatning asosiy vazifalaridan biri sifatida dunyoda tinchlik oʻrnatish va osoyishtalikni qoʻllab-quvvatlash deb bilarkan, mamlakatimiz Tashqi ishlar vazirligi joriy yil 5-iyun kuni Gʻazo sektoridagi vaziyat rivojlanishidan xavotir bildirdi va tomonlarni vazminlikka, xalqaro huquqni hurmat qilishga, zoʻravonlik va tinch aholi qurbonlari soni yanada oshishiga yoʻl qoʻymaslikka chaqirishi xalqaro va har bir davlatning haqli subyekt sifatidagi ayrilmas huquqiga chuqur hurmat belgisidir.
Yurtimiz oʻtgan yilda ham oʻzini jahon hamjamiyatining faol, masʼuliyatli aʼzosi sifatida namoyon etdi. Global va mintaqaviy muammolarni hal etishga masʼuliyatli yondashuv namoyish etdi. Oʻzbekistonning bevosita yetakchiligida Markaziy Osiyoda siyosiy barqarorlik mustahkamlandi. Afgʻoniston muammosini xolisona hal etish jarayonida diyorimiz barqaror vaziyatni tiklash uchun yetarli maʼnaviy-siyosiy va iqtisodiy salohiyatga ega tashqi siyosat subyekti sifatida amaliy saʼy-harakatlarni davom ettirishga qodirligini isbotladi.
Sayfiddin Joʻrayev, TDSHU Tahliliy tadqiqotlar markazi direktori:
– Shubxasiz, 2024-yil mamlakatimiz ichki va tashqiy siyosiy hayotida koʻplab eʼtiborga molik voqealar kuzatildi. Xususan, yangi transformatsion jarayondan kelib chiqqan mamlakat parlamenti va mahalliy kengashlarga saylov yilning eng muhim voqealaridan biri boʻldi.
Aralash saylov tizimi natijasida yangi davr xalq hokimiyatining takomillashgan tizimi faoliyat yurita boshladi. Muhim jihati shundaki, bu galgi saylovda siyosiy partiyalar bir-biridan farq qiluvchi, saylovchilar xohish-istagi inobatga olingan gʻoya va mafkuralar bilan chiqib, raqobat muhitini yaratishdi. Siyosiy faollar va liderlar oʻrtasida ilk bor boʻlib oʻtgan debatlar demokratik muhitning bugungi kun talabiga javob beradigan mexanizmi va vositalarini amalda taʼminladi. Debatlar faqat poytaxtda yoki yirik shaharlarda emas, balki chekka qishloq va ovullarda ham tashkil qilindi. Bunday tadbirlar toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatilishi esa oshkoralik va ochiqlik institutining takomillashganini koʻrsatdi.
Tashqi siyosatda ham sezilarli yutuqlarga erishdik. Oʻzbekistonning doʻstona, tinchlikparvar faoliyati muntazamlik kasb etishi, barcha harakatlar mamlakatimizda kechayotgan iqtisodiy rivojlanish, davlatimiz qudratini mustahkamlash, mintaqada tinchlik va xavfsizlik muhitini taʼminlashga qaratildi.
Bu jarayonlar xalqaro miqyosda faol harakatlanish, mintiaqada tinchlikni taʼminlash, jahondagi tahlikaviy vaziyatlarni yumshatish, ziddiyatlarni bartaraf qilishda oʻziga xos yangicha formulaga asoslangan yangi tashabbuslar bilan chiqishda namoyon boʻldi. Davlatimiz rahbari qoʻshni davlatlar yetakchilari bilan oʻrnatgan samimiy va ishchan siyosiy-diplomatik muloqotlari alohida ahamiyatga ega. Yaʼni, birgalikda iqtisodiy diplomatiyaning butunlay yangi mexanizmi ishga solindi. Hamkorlikda sanoat kooperatsiyasi, savdo-sotiq, qishloq xoʻjaligi, transport-logistikani nafaqat mintaqa ehtiyojidan kelib chiqib, balki global taraqqiyot tomon yetaklovchi rivojlanish kuzatildi. 2024-yilning oxirgi kunlarida Xitoy – Qirgʻiston – Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishi boshlanishi, shubhasiz, nafaqat Markaziy Osiyo balki Yevroosiyo uchun ham muhim strategik ahamiyatga ega voqeadir.
Prezidentimiz tashabbusi amaliy natijasi sifatida takomillashib borayotgan Markaziy Osiyo davlatlari Maslahat Kengashi institutining hayotiyligi Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan navbatdagi sammitda yana bir bor isbotlandi. Jumladan, tuzilma bugungi kunning chigallashgan dunyoviy muammolarini yechishda taraqqiyot uchun oʻzga xos yangi muloqot maydoni sifatida eʼtirof etildi.
2024-yil Oʻzbekistonning yuksak xalqaro mavqeini namoyon qiladigan yana bir muhim voqea sodir boʻldi. Yaʼni, Prezidentimiz dunyo xavfsizligi va tinchligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan Yaqin Sharqdagi ziddiyatlarni tinch yoʻl bilan hal etish va 1967-yilgi BMT qarori asosida mustaqil Falastin davlatini tuzish barcha muammolarning kaliti ekanini taʼkidlashi jahon hamjamiyati tomonidan ijobiy baholandi.
Shuningdek, oʻtgan yil oʻlkamizning rivojlangan davlatlar, xususan Rossiya, Xitoy, AQSH, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Turkiya hamda Osiyoning yirik davlatlari bilan hamkorligi yanada mustahkamlandi. Ayniqsa, Jahon savdo tashkilotiga aʼzolik yoʻlida sezilarli qadamlar tashlanishi ahamiyatga molik. 2025-yil ayni yoʻnalishda bundan-da yuqori natijalarga erishilishi kutilmoqda.
Usmonjon Boʻtayev, “Istiqbol” tadqiqot markazi” NNT rahbari, OʻzMU professori:
– Mamlakatimiz soʻnggi bir yil mobaynida ichki va tashqi siyosatda jamiyatning barcha sohalarida ijobiy natijalarni tarix zarvaraqlariga yozib qoldirdi. Bu natijalar avvalo “Inson va uning qadr-qimmati”ga asoslangani bilan ajralib turadi. 2024-yil yurtimizda roʻy bergan asosiy oʻzgarishlarni ikki asosiy yoʻnalishda koʻrib chiqish maqsadga muvofiq:
Birinchisi, Oʻzbekiston ichki siyosatidagi ijobiy oʻzgarishlar.
Dastlab, Qurolli Kuchlarimizni isloh qilish va har tomonlama modernizatsiya qilish, zamonaviy talablarga toʻliq javob beradigan, Yangi Oʻzbekistonning mustaqilligi va suvereniteti, xalqimiz xavfsizligi va farovonligini kafolatli taʼminlashga qodir kuchli armiyaga aylantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Qoraqalpogʻiston iqtisodiyotini koʻtarish, odamlarning turmush sifatini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, 15 trillion soʻm investitsiya hisobiga 5 300 dan ziyod loyiha amalga oshirildi. Orol dengizining qurigan hududida 1 million 800 ming gektar yashil oʻrmonzor barpo etildi. 51 ming oilaning uy-joy sharoiti yaxshilandi, 401 mahallada qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi. Aholining turmush darajasi oshdi.
“Yashil energetika” sohasida yirik qoʻshma loyihalar amalga oshirildi.
Kambagʻallikni qisqartirish, yoshlarga oid faol davlat siyosatini olib borish, xususan yoshlarni kasb-hunar va chet tillariga oʻqitish, ularning bandligini taʼminlash, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha talay ishlar qilindi. Ushbu yoʻnalishda fuqarolik jamiyatining eng quyi boʻgʻini – mahalladan boshlab yoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Yaxlit vertikal boshqaruv tizimi” yaratildi. Shu asosda respublikadagi 9 452 mahallada Yoshlar yetakchilari ish boshladi, “Yoshlar balansi” shakllantirildi. Prezident tashabbusi bilan mahallalar negizida tashkil qilingan “mahalla yettiligi” tizimida hozir 57 591 nafar vakil faoliyat koʻrsatmoqda. Mazkur tizim yordamida jami 208 442 oila kambagʻallikdan chiqarildi, kambagʻallik darajasi 2,4 foiz qisqarib, 11 foizdan 8,6 foizga tushirildi, 671 213 nafar odam ish bilan taʼminlandi. Jumladan, 20 442 oʻgʻil-qiz kasb-hunarga oʻqitildi, 16 000 dan ortigʻiga moddiy yordam va subsidiya berildi, 87 mingdan koʻp yoshning turli muammolari hal etildi. Eʼtiborli jihati, 2024-yilda “Toshkent – MDH yoshlari poytaxti” deb eʼlon qilindi.
“Oʻzbekiston-2030” strategiyasida aholi salomatligini asrash, tibbiy xizmat sifatini oshirish boʻyicha davlat tibbiy sugʻurtasi tizimi hamda davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmat va dori vositalari paketini toʻliq joriy etish, tibbiy xizmat sifati va xavfsizligi ustidan nazorat tizimini kuchaytirish, kadrlar salohiyatini oshirish, tibbiy taʼlim tizimi va ilm-fan sohasini xalqaro standart asosida rivojlantirish kabi yoʻnalishlarda tub oʻzgarishlar amalga oshirildi. 1-dekabrdan boshlab Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan “Kambagʻal oilalar reyestri” shakllantirildi. “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturining “Kambagʻal oilalar uchun yetti imkoniyat va masʼuliyat” tamoyili tadbiq etildi.
Turizm qoʻmitasi tomonidan sayyohlik yoʻnalishlarining yagona reyestri ishlab chiqildi. Turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasasi tashkil etildi.
Mamlakatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati tizimida institutsional, funksional oʻzgarishlar yuz berdi. Buning zamirida inson manfaatiga qaratilgan keng miqyosli qonunchilikni amalga oshiruvchi mexanizm yaratildi.
Vatanimizda davlat va din munosabatini takomillashtirish boʻyicha oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekiston Respublikasining dunyoviy davlat tamoyilini amalda roʻyobga chiqarish, fuqarolarning vijdon erkinligi kafolatini himoya qilish, jamiyatda “jaholatga qarshi maʼrifat” ulugʻvor gʻoyasi asosida targʻibot-tashviqot tadbirlari tashkil etish, diniy mutaasiblik va ekstremizm gʻoyalarini tarqatish, turli konfessiyalar oʻrtasida adovatni yuzaga keltirishga qaratilgan hatti-harakatlarga yoʻl qoʻymaslik, diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, fuqarolar xorijiy davlatlarga hamda chet el fuqarolari Oʻzbekistonga ziyorat turizmini amalga oshirishi uchun shart-sharoit yaratish borasida koʻplab ijobiy natijalarga erishildi.
Ikkinchisi, Oʻzbekiston tashqi siyosatidagi ijobiy oʻzgarishlar.
Yurtimiz Markaziy Osiyo mintaqasidagi mamlakatlar bilan barcha sohalarda oʻzaro doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik ruhidagi munosabatlarni sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga olib chiqish borasida koʻplab yutuqlarga erishdi. Bu yoʻldagi saʼy-harakatlarning hosilasi sifatida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev mintaqa davlatlari oʻrtasidagi doʻstlik, qoʻshnichilik va oʻzaro anglashuvni rivojlantirishdagi alohida xizmatlari uchun Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Faxriy nishoni bilan taqdirlandi.
Oʻzbekiston BMT, SHHT, MDH, TDT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida terrorizm va tahdidlarga qarshi kurash sohasidagi amaliy hamkorligini yanada rivojlantirdi. Prezidentimiz tomonidan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga jahonda hamjihatlik va birdamlikni faol ilgari surish, tashkilot faoliyati samaradorligini oshirish, shuningdek diyorimiz va BMT oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun Oʻzbekistonning oliy davlat mukofotlaridan biri – “Oliy darajali Doʻstlik” ordenini tantanali topshirishi global va mintaqaviy ahamiyatga molik keng koʻlamli islohot va tashabbuslarimiz, shuningdek BMT institutlarining respublikamizdagi faoliyati har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotganidan darak beradi.
2024-yil Oʻzbekiston – AQSH strategik sherikligini yanada mustahkamlash, koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha yangi marralar zabt etildi. Xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “S5+1” formatidagi samarali ishbilarmonlik uchrashuvlari bunga yaqqol misol boʻladi. Ayni yoʻnalishda ikki tomonlama strategik sheriklik munosabati yanada yaxshilandi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik koʻlami kengaydi.
Oʻzbekistonning Koʻrfaz arab davlatlari bilan hamkorligi jadallashdi. Buning samarasi oʻlaroq, “yashil energetika”, metallurgiya, qishloq xoʻjaligi, transport va kommunikatsiya kabi tarmoqlarda istiqbolli loyihalar ilgari surildi.
Xulosa oʻrnida aytish joiz, diyorimiz oʻtgan yil erishgan yutuqlar zamirida mamlakatimiz suverenitetini mustahkamlash, xalqaro maydonda milliy manfaatlarimizni himoya qilish hamda Oʻzbekistonning imijini oshirish maqsadi yotibdi. Shundan kelib chiqib, 2025-yil uchun oʻlkamiz tashqi siyosatida quyidagi yoʻnalishlarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilishi kutilyapti.
Mintaqa va xalqaro tashkilotlar bilan hamda davlatlararo munosabatlarda siyosiy muloqotni yanada chuqurlashtirish.
Iqtisodiy yoʻnalishda sanoat kooperatsiyasi boʻyicha qoʻshma loyihalarni ilgari surish va amalga oshirish.
Transport-kommunikatsiya salohiyatini roʻyobga chiqarish.
Energetika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish.
Iqlim oʻzgarishiga moslashish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash.
Madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash.
Farxod Karimov, siyosiy fanlar doktori, professor:
– 2024-yil butun dunyoda geosiyosiy, geoiqtisodiy va ijtimoiy jarayonlar ancha faollashdi. Shunday beqaror va keskin sharoitda Oʻzbekiston taraqqiyot tendensiyasini izchil davom ettirib, barqaror maqsadlar sari faol harakatni aslo susaytirgani yoʻq.
Oʻtgan yilni sarhisob qilsak, oʻlkamiz ichki va tashqi siyosat bilan bogʻliq bir qator muhim jarayonlarni boshdan kechirganiga guvoh boʻlamiz.
Masalan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylov natijasida 150 deputatning 75 nafari bevosita majoritar yoʻl bilan saylandi, yaʼni nomzodning oʻziga ovoz berildi. Shuningdek, jamiyat hayotida siyosiy partiyalar rolini oshirish maqsadida nomzodning oʻziga emas, balki siyosiy partiyaga ovoz berish shakli ham qoʻllandi.
Saylovchilarimiz siyosiy partiyalar mavqei, darajasi va ilgari surilgan gʻoyalardan kelib chiqib, proporsional ravishda oʻzlariga maʼqul partiyaga ovoz berishdi. Endi partiyalarning siyosiy faollashuvi talab etiladi, chunki xalq muayyan partiyalarga ishonch bildirdi va shunga yarasha deputatlardan ham fuqarolar murojaati, takliflari bilan ishlashda qoʻshimcha masʼuliyat talab etiladi.
2024-yil jahondagi murakkab sharoitga qaramasdan, Oʻzbekiston YAIM boʻyicha tarixiy koʻrsatkich qayd etib, bu miqdorni 100 milliard dollardan oshirdi. Migratsiya darajasi tushgani, kambagʻallik qisqargani ham davlatning oʻziga xos iqtisodiy-siyosiy yutugʻi, desak boʻladi.
Moliya tizimi, taʼlim, tibbiyot, davlat xizmati koʻrsatilishi raqamlashtirilgani fuqarolarimiz uchun sezilarli qulayliklar yuzaga keltirdi.
Vatanimiz tashqi siyosatida ham faollik kuzatildi. Nufuzli sammit va forumlarda davlatimiz rahbarining chiqishlari xorijiy tahliliy markazlar, axborot institutlari tomonidan diqqat bilan kuzatilib, tahlil etildi. Demak, Oʻzbekiston xalqaro maydonda oʻziga xos imij yaratmoqda.
Eʼtiborli jihati, avvalgi yillarda biror xalqaro masala yoki global muammo boʻyicha fikr bildirishda biroz vazminlik kuzatilgan boʻlsa, 2024-yildan boshlab mamlakatimizning u yoki bu global muammo, davlatlararo ziddiyatga yondashuvi aniq aytila boshlandi. Eng muhimi, endi rivojlangan, qudratli mamlakatlar ham bizni eshita boshladi.
2025-yil ham Oʻzbekiston oldida islohotlarni davom ettirish, faol taraqqiyot va rivojlanish yoʻlida chalgʻimaslik maqsadi turibdi. Vazifalarimiz aniq va bu ulkan maqsadlarni roʻyobga chiqarish qanchalik qiyin boʻlmasin, faollikni yoʻqotmay, dadil odimlab boraveramiz.
Oʻtkir ALIMOV tayyorladi, OʻzA