O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasining 2024 yil yakunlari bo‘yicha hisobot konferensiyasida o‘tgan yillarda olib borilgan keng ko‘lamli ishlar, o‘zbek qilichboz-sportchilar, murabbiylar va hakamlarning sportda erishgan yutuqlari ta’kidlanib, mintaqada uni yanada ommalashtirish, ushbu sport turi bilan shug‘ullanuvchi yosh sportchilar safini kengaytirish, sport jihozlari bilan ta’minlash kabi muhim masalalar, ularning yechimi muhokama etildi.
Ta’kidlanganidek, o‘zbek qilichbozlarining jahon darajasidagi o‘rni yil sayin o‘sib bormoqda. Sportchilarning xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi, shuningdek, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarda puxta tayyorgarlik ko‘rish g‘alabalar uchun zamin tayyorladi.
Tadbir doirasida federatsiya hududiy bo‘limlarining faol rahbarlari va vakillari, faxriylar, murabbiylar, hakamlar qilichbozlik sportini yanada ommalashtirish va rivojlantirishga qo‘shayotgan hissalari uchun taqdirlandi.
Shu jumladan, yosh avlodni sportga jalb qilish, ushbu sport turini keng targ‘ib etish, ommalashtirish va rivojlantirish borasida olib borgan samarali faoliyati uchun federatsiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi Tashakkurnoma, shuningdek, qilichbozlik bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan sportchilarni tayyorlashga munosib hissasi uchun qoraqalpog‘istonlik 4 nafar murabbiy sertifikat bilan taqdirlandi.
– Bugungi kunda qilichbozlik sport turida jami 27 nafar murabbiy (shundan 6 nafar ayol) faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi bosh kotibi Dao‘letmurat Qalqorazov. – Shundan 23 nafar murabbiy oliy ma’lumotli, 4 nafari o‘rta-maxsus ma’lumotli. Qilichbozlik sport turi bilan jami 495 nafar (shundan, qizlar 179 nafar) yosh muntazam shug‘ullanib kelmoqda. O‘tgan yili O‘zbekiston terma jamoasining asosiy tarkibiga 22 nafar, zaxira tarkibiga 18 nafar, jami 40 nafar sportchi qabul qilindi.
2024 yilda qoraqalpog‘istonlik sportchilar jami 319 medalni, shundan, O‘zbekiston chempionati va kuboklarida 250 ta, (69 ta oltin, 59 ta kumush, 122 ta bronza), Osiyo chempionati va kuboklarida jami 33 ta medal (19 ta oltin, 5 ta kumush, 9 ta bronza), Jahon chempionati va kuboklarida jami 6 ta medal (1 ta oltin, 1 ta kumush, 4 ta bronza), xalqaro turnirlarda 28 ta medal (6 ta oltin, 5 ta kumush, 17 ta bronza) qo‘lga kiritdi. Nufuzli musobaqalardagi natijalarga kelsak, 2024 yilda Zaynab Dayibekova qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha Parij shahrida (Fransiya) o‘tkazilgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi va Xanchjou shahrida (Xitoy) bo‘lib o‘tgan yozgi Osiyo o‘yinlarida birinchi o‘rinni, Musa Aytmuratov qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo va Jahon chempionatida birinchi o‘rinni, Dilnoza Murzatayeva qilichbozlikning shpaga yo‘nalishi bo‘yicha Xanchjou shahrida (Xitoy) bo‘lib o‘tgan yozgi Osiyo o‘yinlarida uchinchi o‘rinni, Guliston Perdebayeva qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha ushbu Osiyo o‘yinlarida birinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Nargiza Jaqsibayeva sablya yo‘nalishi bo‘yicha Jahon chempionatida 2 karra uchinchi, Alpamis Oraqbayev sablya yo‘nalishi bo‘yicha Jahon chempionatida uchinchi, Islom Abdazov sablya yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo va Jahon chempionatida birinchi, Ayakoz Jumamuratova sablya yo‘nalishida Jahon kubogida ikkinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritib, mamlakatimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarib kelmoqda.
Taniqli sportchi Zaynab Dayibekovaning ikki marta Prezidentimiz sovg‘asi avtomashina va uni murabbiyi Dauirbek Jiyemuratov ham avtomashina bilan taqdirlanishi yoshlarning ushbu sport turiga qiziqishini yanada orttirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 23 sentyabrdagi “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ushbu sport turining rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA