2025 yil – “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”
Davlatmiz rahbari tashabbusi bilan yangi yilga “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb nom berildi. Bu qaror har biri mamlakatimizning barqaror rivojlanishi, yuzaga kelgan ekologik muammolarni hal qilish orqali iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan bir necha muhim omilga asoslangan.
Ekologiya
Dunyo bo‘ylab atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan holatlar ko‘paymoqda. Jumladan, O‘zbekiston ham iqlim o‘zgarishi, havo va suv ifloslanishi kabi jiddiy ekologik muammolarga duch kelmoqda. Atrof-muhit masalasini asosiy kun tartibiga olib chiqish davlatimizga ayni masalarni bartaraf qilish imkonini berdi, jamoatchilikda esa tabiatga e’tiborni kuchaytiradi.
Yashil iqtisodiyot
“Yashil” iqtisodiyot – resurslardan samarali foydalanish, energiya manbalarini yangilash, chiqindini kamaytirish va tabiiy resurslarni saqlab qolish asosiga qurilgan iqtisodiy model. 2025 yil mazkur yo‘nalish mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda alohida ahamiyat kab etadi.
Xalqaro burch
O‘zbekiston BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida xalqaro majburiyatlarni izchil bajarayotgan davlatlardan biri. Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyotga o‘tish respublikamizga xalqaro hamjamiyat bilan yaqin aloqalar o‘rnatishga yordam beradi.
Zamonaviy texnologiyalar
Yashil iqtisodiyotga o‘tishda innovatsiyalarni qo‘llash juda muhim. Kelayotgan yil ilm-fan va texnologiyani rivojlantirish ustuvor vazifaga aylanadi, yangi energiya manbalarini yaratish, mavjud resurslarni yangicha uslubda ishlatishni rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yiladi.
Jamoatchilik ishtiroki
Atrof-muhitni asrashda har bir fuqaroning o‘rni bor. 2025 yil jamoatchilik faolligini oshirish maqsadida turli tadbirlar o‘tkaziladi. Ekologik tadbirkorlikni rag‘batlantirish, atrof-muhit haqida xabardorlikni oshirish, yosh avlodga ekologik tarbiya berish diqqat markazida bo‘ladi.
Xulosa shuki, “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da nafaqat ekologik vazifalar hal qilinadi, balki iqtisodiy barqarorlik sari ildam qadam tashlanadi. Yil davomida atrof-muhit muhofazasi yo‘lida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar zamirida kelgusi avlodlar uchun munosib hayot sharoiti yaratishdek ezgu maqsad mujassam.
Musulmon Ziyo, O‘zA