Jahon bolalar kuni 1954 yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan bo‘lib, 20 noyabr kuni butun dunyo bo‘ylab birodarlik, hamjihatlik kuni sifatida bolalar farovonligini ta’minlashga qaratilgan tadbirlar bilan nishonlanadi.
BMT 1959 yil shu kuni Bola huquqlari deklaratsiyasini, 1989 yil esa Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani qabul qilgan. Ikkinchi hujjat ayni yo‘nalishdagi eng ko‘p ratifikatsiya qilingan shartnoma bo‘lib, hayot, sog‘liq, ta’lim, dam olish, bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish, ota-onaga g‘amxo‘rlik qilish, zo‘ravonlik va kamsitishdan himoya qilish, o‘z fikrini bildirish kabi huquqlarni ifodalaydi. Konvensiya 1990 yil 2 sentyabrda kuchga kirgach, bolalarga munosabat va muomala usullari tubdan o‘zgardi.
Bolalar huquqi, ularning yashashi va rivojlanishiga doir manfaatlarni himoya qilish maqsadida BMT tuzilmasi – UNICEF 190 dan ortiq mamlakat va hududda bolalar salomatligi va ovqatlanishini qo‘llab-quvvatlash, onalar va chaqaloqlar uchun OIV profilaktikasini yuritish va davolash, bolalar va o‘smirlarni zo‘ravonlik va ekspluatatsiyadan himoya qilish bo‘yicha faoliyat yuritadi.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, hozir yer yuzida har beshinchi bola o‘ta qashshoq yashayapti, 160 million o‘g‘il-qiz, ya’ni har o‘ninchi bola omon qolish uchun mehnat qilishga majbur. 240 million nogiron bolalarning ko‘pchiligi jamiyatdan ixotalangan, ta’lim va tegishli tibbiy xizmatdan mahrum.
Sayyoramizdagi qariyb har bir bola u yoki bu darajada iqlim yoxud ekologiya bilan bog‘liq xavf-xatarga duchor bo‘ladi. Yuz millionlab bola va o‘smir siklon, suv toshqini, qurg‘oqchilik oqibati yoki iflos havo ta’siri tufayli halok bo‘lishi, jarohatlanishi, kasallanishi ehtimoli kuchli. Bir milliardga yaqin – dunyodagi 2,2 milliard bolaning, deyarli, yarmi 33 mamlakatda tabiiy ofatning “o‘ta yuqori xavfi ostida” yashayapti.
Jahon bolalar kuni bolalar huquqi muhofazasi yo‘lida muloqot va faol harakat olib borish orqali dunyo bolalari uchun do‘stona muhit yaratish imkoniyatidir.
Muharrama Pirmatova, O‘zA