Bugun, 16 noyabr erta tongda mamlakatimizga professional boks bo‘yicha sobiq jahon chempioni Mayk Tayson yetib keldi
Yurtimizda o‘tkazilayotgan Butunjahon boks ittifoqi (WBC)ning 61-konvensiyasi doirasidagi tadbirlarda ishtirok etish uchun tashrif buyurgan boks afsonasini Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston professional boks federatsiyasi vakillari, jurnalistlar, boks ixlosmandlari tantanali kutib oldi.
Kecha Butunjahon boks ittifoqi (WBC) konvensiyasi tizimida poytaxtimizdagi “Humo arena” sport saroyida 17 noyabr kuni tashkil etiladigan boks oqshomiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
WBC prezidenti Maurisio Suleyman, O‘zbekiston professional boks federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti G‘ofur Rahimov, yurtimizda mehmon bo‘lib turgan jahon boksi yulduzi Evander Xolifild, Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, ikki karra jahon chempioni Bahodir Jalolov, yosh umidli charm qo‘lqop ustalari Abdumalik Xalakov, Qudratilla Abduqahhorov, Miraziz Mirzaxalilov va ularning raqibi ishtirok etdi. Matbuot anjumani avvalida O‘zbek boksi afsonalari Rufat Risqiyev va Muhammadqodir Abdullayevlarga e’tirom ko‘rsatildi.
“Toshkent yo‘lbarsi” nomi bilan jahon boksida munosib iz qoldirgan Rufat Risqiyev Butunjahon boks ittifoqi (WBC) tomonidan esdalik oltin medali bilan, Muhammadqodir Abdullayev maxsus sovg‘a bilan taqdirlandi.
Anjuman davomida WBC rahbari Maurisio Suleyman konvensiya doirasidagi tadbirlar yuqori darajada tashkil etilayotganini, O‘zbekistonda sport sohasida, xususan boksni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.
Jurnalistlarning savollariga javob bergan bokschilarimiz “Humo arena”da bo‘ladigan janglarda xalqimiz ishonchini oqlash eng muhim vazifa ekanligini bildirib o‘tdi.
Jahon boksida tobora katta mavqega ega bo‘lib borayotgan Bahodir Jalolov “Parij-2024” Olimpiadasidan so‘ng bor e’tiborini WBC chempionlik kamarini qo‘lga kiritishga qaratishini bildirdi.
Bugun kun davomida Butunjahon boks ittifoqi (WBC)ning 61-konvensiyasi ishtirokchilarining bir qismi Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylarini tomosha qilsa, tadbirda ishtirok etgan hakamlar, bir guruh mutaxassislar “Humo arena” sport saroyida ertaga bo‘ladigan boks kechasiga aloqador marosimlarni o‘tkazishda qatnashadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA