Nukusda joriy yil 19 noyabr kuni mamlakatimiz bo‘ylab O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda birga yuguramiz!” shiori ostida o‘tkaziladigan “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan matbuot anjumani uyushtirildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Yoshlar siyosati va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Yengil atletika federatsiyasi, Nukus, Xiva, Buxoro, Navoiy va Qorovulbozor shaharlari hokimliklari, shuningdek, mas’ul vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.
19 noyabr kuni ertalab soat 07:30 da mamlakatimizning 16 ta shahrida bo‘lib o‘tadigan ommaviy yugurish musobaqasi yo‘nalishi xavfsizligini ta’minlash, tadbir davomida avtotransport vositalarining harakatlanishini cheklash, start va finish nuqtalarini loyihalashtirish, ishtirokchilar uchun individual forma ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i kunini nishonlashga bag‘ishlangan madaniy dastur tashkil etishga katta e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, tashkilotchilar tomonidan har bir hududda imkoniyati cheklangan yuguruvchilar hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarning ishtiroki uchun kvotalar ajratilgan.
Nukus shahrida ommaviy yugurish musobaqasi Qoraqalpog‘iston ko‘chasidan boshlanib I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi yonidagi O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari bayroqlari o‘rnatilgan maydongacha o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ommaviy yugurish musobaqasining tashkilotchilari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Maktabgacha va maktab ta’limi, Yoshlar siyosati va sport vazirliklari, Asaka bank”, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati va O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasi qayd etilgan.
Tadbirda musobaqa o‘tkaziladigan joy, ishtirokchilar, hakamlar va ko‘ngillilar sport kiyimlari, g‘oliblarga beriladigan sovrinlar taqdimoti o‘tkazildi.
– Marafon barcha hududlarda 3 kilometr, faqat Toshkent shahrida qo‘shimcha 10 kilometr masofada o‘tkaziladi,– deydi musobaqa bosh hakami, milliy toifadagi hakam Hasanboy Ortiqov. – Bugungi kunda marafonda ishtirok etish istagini bildirganlar soni 100 ming nafarga yaqinlashdi. Albatta, bu rekord natija hisoblanadi. Musobaqa g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari