Buyuk Britaniyaning Duglas shahrida shaxmat bo‘yicha 2023 yilning eng nufuzli musobaqalaridan biri “Grand Swiss FIDE” turniri boshlandi. Musobaqaning mukofot jamg‘armasi 600 ming AQSH dollaridan iborat bo‘lib, 460 ming AQSH dollari erkaklar o‘rtasida, 140 ming AQSH dollari ayollar bahsidagi g‘olib va sovrindorlar o‘rtasida taqsimlanadi.

Dunyoning eng kuchli 114 nafar shaxmatchilari ishtirok etayotgan musobaqaning birinchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizning mahoratli shaxmatchilari – Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev va Shamsiddin Vohidov ishtirok etdi.

Musobaqaning 1-tur o‘yinlarida N.Abdusattorov qora donalarda armanistonlik Shant Sargsyanni mag‘lub etgan bo‘lsa, N.Yoqubboyev oq donalarda harakatlangan Armaniston vakili Xaik Martinisyanga 1:0 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. J.Sindorov fransiyalik Maurizzi bilan, Sh.Vohidov germaniyalik Mattias Blusbaum bilan durang qayd etdi.

Bugun, 26 oktyabr kuni “Grand Swiss FIDE” turnirining 2-turida N.Abdusattorov hindistonlik Naranayanga qarshi oq donalarda, J.Sindorov ukrainalik Igor Samunenkov bilan qora donalarda, Sh.Vohidov Vasili Ivanchukka qarshi oq donalarda, N.Yoqubboyev Men oroli sharafini himoya qilayotgan germaniyalik Ditmar Kolubus bilan oq donalarda kurash olib boradi.

Yakunlangan 1-tur o‘yinlaridan so‘ng 32 nafar shaxmatchi 1 ochkoga ega bo‘lib turgan bo‘lsa, 39 nafari 0,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.

Ta’kidlash lozimki, mazkur turnirda 1 va 2-o‘rinni egallagan shaxmatchilar 2024 yil aprel oyida Kanadaning Toronto shahrida o‘tkaziladigan jahon shaxmat toji da’vogarlari turniriga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

Joriy yilning 6 noyabr kuniga qadar davom etadigan “Grand Swiss FIDE” bahslarida 1-o‘rinni egallagan shaxmatchi 80 ming, 2-o‘rin sohibi 60 ming, 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan shaxmatchi 40 ming dollar pul mukofoti bilan taqdirlanadi. O‘n bir turdan iborat musobaqalar davomida sovrinlar 31-o‘ringacha taqsimlanadi.

Eslatib o‘tamiz, “Grand Swiss FIDE” turnirining ilk bahslari 2019 yili o‘tkazilgan bo‘lib, o‘shanda grossmeyster Van Xao g‘oliblikka erishgan, 2020 yilgi turnir “COVID-19”sababli tashkil etilmagan. 2021 yili Rigada o‘tgan ikkinchi turnirda Fransiya sharafini himoya qilayotgan Alireza Firudja g‘oliblikka erishgan.

 

To‘lqin Ro‘ziyev,  

O‘zA