Ayni vaqtda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida oliy ta’lim sohasida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida muloqot va hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashuvchi xalqaro anjuman o‘z ishini boshladi.

Tadbir Jahon banki tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Konferensiyani Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyodagi ta’lim bo‘yicha global amaliyot rahbari Rita Almeyda ochib berdi.

Qayd etilishicha, keyingi yillarda sohada yuqori o‘sish dinamikasiga qaramay Markaziy Osiyodagi oliy ta’lim tizimlari mintaqa mamlakatlari o‘rtasida yaqinroq hamkorlik qilish orqali hal qilinishi mumkin bo‘lgan turli masalalarga duch kelmoqda.

Ular orasida mahalliy oliy o‘quv yurtlarida o‘qitish sifatining nisbatan pastligi, ularning yetarli darajada moliyalashtirilmagani, kam ta’minlangan oilalardan chiqqan talabalar orasida oliy ta’lim olish imkoniyati cheklangani, mehnat bozorining bugungi va kelajakdagi talablariga javob bermaydigan eskirgan ta’lim dasturlari va infratuzilmasi kabi muammolar mavjud.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo mamlakatlari tadqiqotlar samaradorligining global ko‘rsatkichlari bo‘yicha ortda qolmoqda. Jahon bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, ular tadqiqotlarni moliyalashtirish bo‘yicha dunyoda eng past o‘rinlarni egallaydi, bu YAIMning atigi 0,12 foizini tashkil qiladi. Natijada, mintaqadagi universitetlar yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni ishlab chiqish jarayonidan sezilarli darajada chetda qolmoqda.

Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, oliy ta’lim tizimlarining mintaqaviy integratsiyasi ushbu muammolarni hal qilishdagi samarali vositadir. Shuningdek, u iqtisodiyotning boshqa barcha sohalarida uzoq muddatli o‘sish uchun imkoniyatlar ochadi. Mintaqadagi oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish va resurslarni birlashtirish Markaziy Osiyoda oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

So‘nggi o‘n yillikda oliy o‘quv yurtlari va talabalar soni salmoqli darajada oshdi. Bugungi kunda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda 1,8 millionga yaqin talabaga ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi 430 dan ortiq oliy ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlari bosqichma-bosqich ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirish, texnologiyalarni transfer qilish hamda xususiy oliy o‘quv yurtlarining faoliyati uchun sharoit yaratish orqali milliy oliy ta’lim tizimlarini bozor iqtisodiyoti talablariga muvofiqlashtirdi. Hozirgi vaqtda mintaqa ta’lim jarayonlarini internatsionallashtirish strategiyasiga amal qilmoqda.

Konferensiya davom etmoqda. 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA