O‘zbekiston matbuot va axborot agentligida Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan yetmishdan ziyod bosma ommaviy axborot vositalari ishtirokida “Ommaviy axborot vositalari faoliyatining huquqiy asoslari” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbati axborot sohasidagi mavjud huquqiy va boshqa kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan choralar ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi.
Xususan, Toshkent shahar matbuot va axborot boshqarmasi tomonidan so‘nggi bir yil davomida ommaviy axborot vositalari muassis va tahririyatlariga ellikdan ziyod ko‘rsatma xatlari kiritilgani ta’kidlab o‘tildi. Qonunbuzilish holatlari qayd etish bo‘yicha muntazamlikka yo‘l qo‘yib kelgan “Xorosheye nastroyeniye” gazetasi guvohnomasi Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining qaroriga muvofiq tugatilgani yig‘ilish ishtirokchilariga ma’lum qilindi.
Uchrashuv so‘ngida aholining, ayniqsa, yoshlarning ilmiy-ma’rifiy bilimini oshirishga va intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan maqolalar, ijtimoiy va tarbiyaviy ahamiyatga ega, dolzarb mavzularni to‘g‘ri tanlayotgan va tezkorlik bilan chop etib kelgan bosma nashrlarga alohida minnatdorlik bildirildi.
Jurnalistlar sohaga taalluqli bo‘lgan o‘zlarini qiziqtirib kelayotgan turli xildagi savollarga batafsil javob oldi.