Navbahor Imamova: Toshkentda jurnalistlar ozod etilgani misli ko‘rilmagan voqea

VASHINGTON — AQSh va Yevropa Ittifoqidagi xalqaro huquq tashkilotlari O‘zbekistonda konstitutsiyaviy tuzumga qarshi jinoyatlarda ayblangan ikki jurnalist va ikki tadbirkor sud zalidan ozod etilganini tarixiy voqea, deya baholamoqda. Sud jarayonining boshidanoq ochiq kechgani, ayblanuvchilar diqqat bilan tinglangani, bularni O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari ham yoritgani, masala ijtimoiy tarmoqlarda hamda jamoatchilik orasida keng muhokama qilingani o‘tgan bir yarim yil mobaynida O‘zbekistondagi islohotlar samarasi sifatida qabul qilinyapti. 
Bobomurod Abdullayev va uning jinoiy sheriklari deya gumon qilingan uch shaxs — bloger Hayotxon Nasreddinov, tadbirkorlar Ravshan Salayev va Shavkat Olloyorov O‘zbekiston hukumatini ag‘darishga urinish va buning uchun yashirin amaliyot ustida ishlaganlikda ayblangan edi. Sudga ko‘ra, ayblovlar isbotlanmagan.
O‘zbekistonda deyarli chorak asr mobaynida konstitutsiyaviy tuzumga qarshi harakatda ayblangan insonlar aksariyat hollarda og‘ir jazolarga mahkum etilgani, mahkama yopiq kechib, jarayon bilan bog‘liq savollar javobsiz qolgani, ayblov asossiz ekani haqidagi iddaolar tinglanmagani, apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilganida ham hukm o‘zgarmaganini hisobga olsak, Abdullayev va uning sheriklari ishi ozodlik bilan yakun topgani misli ko‘rilmagan va kutilmagan yangilikdir.
Mana shunday tahlilni Nyu-Yorkdagi “Human Rights Watch” (HRW) va Londondagi Xalqaro Amnistiya tashkilotlaridan eshitar ekanmiz, ular sudlanuvchilar o‘tgan yilning kuzidan beri hibsda o‘tirgani, qiynoqqa solinganini aytgani va ularning yaqinlari ham bu davr mobaynida qo‘rquv va bosim ichida yashaganini qayd etadi.
AQSh hukumati O‘zbekistonda siyosiy mahbuslar birin-ketin ozod etilganini keng olqishlab, “islohotlar ko‘lamini erkinlik darajasiga qarab bilamiz”, deya eslatib kelmoqda. Bugungi yangilik ham Vashingtonda juda iliq kutib olingan.
Toshkentda hammaning e’tiborida turgan jinoiy ish ijobiy yakun topgani Shavkat Mirziyoyevni G‘arb nazarida real islohotlar qilayotgan va mamlakatini yangi yo‘ldan olib borayotgan rahbar sifatida ko‘rsatadi.
O‘zbekiston yaqinda AQShning inson huquqlari haqidagi yillik hisobotida tarixda ilk bor ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotgan davlat sifatida tilga olindi. Lekin Davlat departamenti rasmiylari fikriga ko‘ra, huquq va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida hali qilinadigan ishlar ko‘p.
AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Tomas Shennon “Amerika Ovozi” muxbiri bilan suhbatda, Vashingtonning Markaziy Osiyodagi asosiy maqsadlaridan biri demokratiya va huquq targ‘iboti bo‘lib qoladi, deya ta’kidladi.
HRWning O‘zbekiston bo‘yicha vakili Stiv Sverdlov yaqinda biz bilan muloqotda ushbu sud ishi haqida mulohazalarini quyidagicha bildirgan edi:
“Bu sud ishi, menimcha, butun O‘zbekiston jamiyati uchun muhim bir sinov. Mahalliy internet nashrlari nozik masalalar muhokama qilinayotgan bu jarayonni kuzatib, uni yoritayotgani tahsinga sazovor. Ayblanuvchilarning gaplarini bemalol eshitayapmiz. Yillar oldin biz bunday holatlarga guvoh bo‘lamiz, deb xayolga keltirmagan edik. Ochiq sud, ochiq muhokama. Qiynoqlar haqida ham ochiq gaplar yangradi”.
Sverdlovning fikricha, O‘zbekiston hukumati va HRW o‘rtasidagi muloqot kengaygan va chuqurlashgan.
“Tanqidimizni eshitishayapti. Fikr almashayapmiz. Bir-birimizni tinglayapmiz. Ochiq tadbirlar o‘tkazish, ularda tanqidiy materiallari bilan tanilgan faollar va jurnalistlar qatnashishi uchun sharoit zarurligi haqida gaplashmoqdamiz. Huquqbuzarlik, qonunbuzarlik hollari haqida erkin muloqot qilish uchun zamin yaratilishi kutilmoqda. Islohot o‘tmishni tahlil qilib, xatolardan o‘rganish demakdir. Shu bois ham hozirgi muloqotimiz umid bag‘ishlaydi”, deydi HRW vakili.
B.Abdullayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi, 1-qismi, “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor, deb topilgan. Unga bir yil davomida ish haqining 20 foizini davlatga o‘tkazish, uch yil davomida axloqni tuzatish ishlarini bajarish jazosi tayinlangan. Abdullayevning o‘tgan yetti oydan beri hibsda o‘tirgani hisobga olinadi.
Shvetsiyadagi Fuqaro erkinliklari himoyachilari tashkiloti, Fransiyadagi Markaziy Osiyoda Inson huquqlari uyushmasi, Belgiyadagi Inson huquqlari uchun xalqaro hamkorlik tashkiloti ham B.Abdullayev va uning sheriklari ozod etilganini olqishlab, O‘zbekistonda sud-huquq tizimi mustaqilligini mustahkamlash bo‘yicha islohotlar jadallashaveradi, deya umid bildirmoqda.
Navbahor Imamova,
“Amerika Ovozi” teleradiosi
Manba: xs.uz

 

O’zA