Xitoy xalqaro vaziyat o‘zgarishidan qat’i nazar, Janubiy Afrika Respublikasi bilan munosabatni chuqurlashtirishga qaror qildi. Bu haqda XXR Raisi Si Szinpin JAR Prezidenti Siril Ramafosa bilan muzokaradan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

“Yana takror aytmoqchimanki, xalqaro vaziyat qanday o‘zgarmasin, Xitoyning Janubiy Afrika bilan do‘stona hamkorlikni chuqurlashtirishga nisbatan qat’iyati o‘zgarmaydi”, dedi Xitoy rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik hozir “oltin asr”ga kirdi va bu ikki davlat rivojlanishiga hissa qo‘shmoqda”.

XXR yetakchisi, shuningdek, “Xitoy – Janubiy Afrika munosabati ikki tomonlama aloqalar doirasidan chiqib, global ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda”, deb ta’kidladi.

Sinxua agentligi xabariga ko‘ra, Si Szinpin kecha Pretoriyada ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etgan. Kunning ikkinchi yarmida BRIKS sammitida qatnashish uchun Yoxannesburg shahriga jo‘nab ketgan.