Toshkent shahar xotin-qizlar tadbirkorlik markazi xodimlaridan iborat delegatsiya AQSHda bo‘lib, u yerdagi o‘zbek va turli millat vakillarining tadbirkorlik faoliyati bilan tanishdi.

Safar doirasida O‘zbekistonning AQSHdagi konsuli Karol Robertson Lopez bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik borasida muhokamalar olib borildi.

– Safarimiz unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi, – deydi delegatsiya a’zosi Vazira Yo‘ldosheva. – O‘zbek milliy hunarmandchiligiga ularning qiziqishi nihoyatda kuchli. Vakillarimiz Vashington shtatida shu yerlik qo‘l mehnati hunarmandlar ko‘rgazmasida o‘zlarining hunarmandchilik mahsulotlari bilan ishtirok etdi. Hunarmand aholi O‘zbekistondan keltirilgan  mahsulotlarga katta qiziqish bildirdi va kelgusida AQSHda bo‘ladigan Xalqaro ko‘rgazmaga qatnashish uchun kelishib olindi. Shuningdek, xorijliklar e’tiborini tortgan narsa bizning milliy liboslarimiz hamda matolarimiz bo‘ldi. Ayniqsa, kamalak jilosidek tovlanib turgan milliyligimiz ularning hayratini oshirdi. AQSH vakillarining O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilgan bo‘lib, ular yurtimizning har bir go‘shasidagi hunarmandchilik ishlari bilan yaqindan tanishishni o‘z oldiga maqsad qilgan. Memorandumda nafaqat AQSH, balki Yevropaga o‘z mahsulotlarimizning savdo-sotig‘ini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, u yerda ayollarga yordam ko‘rsatuvchi reabilitatsiya markazlari bilan ham tanishdik. Bu markazga kelgan ayollar, avvalo, har tomonlama o‘rganilib, ularga 6 oygacha ko‘mak berilib, hattoki ish bilan ta’minlanishida ham yordam beriladi. Bu biz uchun tajriba maktabi bo‘ldi.

Bu kabi do‘stlik uchrashuvlari, avvalo, tajriba maktabi bo‘lsa, shu bilan bir qatorda tashqi bozorda mahsulotlarimizning yetakchilik qilishiga poydevor vazifasini o‘tashi ayni haqiqat.

Gulnoza Boboyeva,  

O‘zA