Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yil kuzatilgan anomal issiq Yevropada 60 000 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan. Bu prognoz qilinganidan uch barobar ko‘p.

Xavotirli jihati, sayyoramizda global isish jarayoni davom etar ekan, yoqimsiz raqamlar yil sayin ortishi mumkin. Shu bois Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi jaziramadan saqlanish bo‘yicha quyidagi tavsiyalarni berdi:

Anomal harorat kuzatilayotgan davrda issiq o‘lkalarga sayohat qilishdan avval ob-havo prognozidan xabardor bo‘lib, ehtiyot choralarini ko‘rgan holda yo‘lga chiqish zarur;

jazirama payti yoningizda salqin suv olib yurishni unutmang, zarurat bo‘lmasa, harorat yuqori vaqtda ko‘chaga chiqmang, og‘ir jismoniy ish bilan shug‘ullanmang;

bunday vaziyatda transport vositasida bola yoki jonivorni qoldirish to‘g‘ri emas. Iloji bo‘lsa, kunduzi kamida ikki-uch soat vaqtni salqin joyda o‘tkazgan ma’qul;

tunda xona derazasini ochish, kunduzi oftob nurini qaytarish uchun xonaga parda tutish, o‘zidan issiq chiqaruvchi elektr moslamalaridan imkon qadar kamroq foydalanish maqsadga muvofiq;

organizm suvsizlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kuniga yetarli miqdorda suyuqlik iste’mol qilish juda muhim.

Mutaxassislar, shuningdek, yengil, tabiiy matodan tikilgan keng libos kiyish, tez-tez salqin dush yoki vanna qabul qilish, shakarli, spirtli yoki kofeinli ichimlikdan voz kechishni tavsiya qiladi.

Ko‘p vaqtini yolg‘iz o‘tkazadigan yaqinlar, do‘stlar va qo‘shnilardan muntazam xabardor bo‘lishni yoddan chiqarmaylik. Zero, issiq kunda zaif odam yordamga muhtoj bo‘ladi.

Anomal harorat ta’sirida o‘zingiz yoki yaqinlaringizda bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, holsizlik, bosh og‘rig‘i kabi alomatlar kuzatilsa, darhol shifokorga uchrashing.

Atrofingizdagi insonlarda oftob tig‘i tufayli noodatiy belgi, masalan, xushni yo‘qotish, talvasa, aqldan ozish kabi simptomlar yuzaga kelsa, darhol tez tibbiy yordamga murojaat qilish zarur.

O‘zA