Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi ilg‘or klinikalardan birida jahon tibbiyot amaliyotida birinchi marta robot texnologiyasi yordamida jigar transplantatsiya qilindi.

Oltmish yoshli bemor “C” toifali gepatit tufayli kelib chiqqan jigar sirrozi va saraton kasalligidan aziyat chekayotgandi. Amaliyotni, deyarli, robot-jarrohning o‘zi uddaladi. Bosh xirurg “temir shifokor”ning harakatini yaqin atrofdagi konsoldan nazorat qilib turdi.

– Transplantatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi, – deydi jarayonga rahbarlik qilgan doktor Odil Xon. – Muhimi, ko‘chirib o‘tkazilgan jigar darhol ishlay boshladi va bemor hech qanday asoratsiz darddan xalos bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, mazkur klinikada nisbatan qisqa davrda robot yordamida 30 dan ortiq buyrak transplantatsiyasi va o‘t yo‘li, oshqozon osti bezi hamda oshqozon bilan bog‘liq boshqa yuqori texnologik muolajalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Ekspertlar “aqlli qurilma” tomonidan bajarilgan amaliyotni muhim voqelik sifatida e’tirof etmoqda. Binobarin, an’anaviy usulda bu o‘ta murakkab operatsiyani bajarish uchun qorin bo‘shlig‘ida 10 va 40 santimetrlik ikki kesma hosil qilinadi.

Robot texnologiyasi uchun esa 1,5 va 15 santimetrdan iborat kichik kesma yetarli. Bu jarohat tez bitishini ta’minlaydi.

 

O‘zA