Qirg‘iziston davlat tuzilmalarining AQSH va G‘arb mamlakatlari tomonidan Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiya qoidasi buzilishiga aloqasi yo‘q, dedi respublika davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi matbuot xizmati vakili “RIA Novosti” muxbiriga.
Avvalroq “Washington Post” Qirg‘izistonga nisbatan iqtisodiy chora tayyorlanayotganini yozgan edi. Oq uy ma’muriyati fikricha, Qirg‘iziston sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan tovarlarni RFga eksport qilmoqda.
Vakolatli idora matbuot xizmati vakili bergan bayonotda, jumladan, shunday jumlalar bor:
– AQSH sanksiyaga tushgan mahsulotlarni Rossiyaga yetkazib berayotgani sababli, Qirg‘izistonga nisbatan iqtisodiy chora qo‘llashi haqida xabar tarqalgani munosabati bilan Qirg‘iziston Respublikasi davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi jamoatchilikka quyidagilarni ma’lum qilishni zarur deb hisoblaydi: Ta’kidlash joiz, Qirg‘iziston davlatining ham, hukumatga qarashli tuzilma va kompaniyalarning ham AQSH va g‘arb mamlakatlari tomonidan Rossiyaga joriy qilingan sanksiya choralari buzilishiga aloqasi yo‘q.
Davlat qo‘mitasi “sanksiya cheklovi buzilishiga xususiy kompaniyalar yoki firmalar o‘z biznesi va ishlab chiqarish faoliyati doirasida aloqador bo‘lishi ehtimoli bor”, deb hisoblaydi. Bunday korxonalar bozorga chiqarayotgan mahsulotining eng so‘nggi iste’molchisi kimligini bilmasligi mumkin.
Xabarda aniqlik kiritilishicha, Qirg‘iziston va respublikadagi davlat tuzilmalari “xalqaro norma va qoidalarga qat’iy amal qilib kelmoqda”.
O‘zA