Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOYning 30 yillik yubileyiga bag‘ishlangan tantanali tadbir va konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Unga turkiy davlatlarning san’at va madaniyat, sayyohlikka oid vazirlik va tashkilotlari, xalqaro tuzilmalar, diplomatik korpus vakillari, adabiyot, san’at va madaniyat namoyandalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning TURKSOY tashkilotining 30 yilligi munosabati bilan O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan madaniyat kunlari ishtirokchilariga tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov, Turkiy tashkilotlar bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev bundan 30 yil avval tashkil etilgan TURKSOY tashkiloti jahonda o‘z nufuzi va obro‘siga ega bo‘lib borayotgani, uning hamkorlik yordamida taraqqiyot sari intilishdek ezgu g‘oyasi dunyoda tobora dolzarblik kasb etayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tashqi siyosat sohasida olib borilayotgan ochiq va konstruktiv, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan yangilanish jarayonlari qo‘shni va qardosh davlatlar bilan samimiy, do‘stona, o‘zaro birodarlik, yaxshi qo‘shnichilikka, ishonch va hurmatga asoslangan munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda muhim asos bo‘lmoqda. Bu jihatlar turkiy tilli davlatlarning o‘zaro hamkorligini ilgari misli ko‘rilmagan tarzda yangi bosqichga olib chiqish imkonini bergani bilan ham ahamiyatlidir.
Bu yil Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY tashkil etilganiga 30 yil to‘ldi. Ushbu sana tashkilotga a’zo mamlakatlarda keng tantana qilinmoqda. Olmaotadan boshlangan bayram to‘lqini Bishkekdan kuch olib, Toshkentga yetib keldi.
Toshkent shahridagi O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida TURKSOY tashkilotining 30 yillik yubiley tantanalariga bag‘ishlangan “Turk dunyosi” nomli rassomlar va hunarmandlar ko‘rgazmasi, turkiy dunyo xalqlarining milliy oshxonalariga oid gastronomik namoyish tashkil etildi. Turkiy tilli davlatlarning nufuzli xalqaro tashkilotlari rahbarlari va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi o‘rtasida madaniyat va san’at, noshirlik, media, turizm kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirishga oid muloqot va uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
– Sir emaski, so‘nggi yillarda turkiy dunyo mamlakatlari orasidagi do‘stlik munosabatlari har tomonlama rivojlanib bormoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov. – Jumladan, madaniyat sohasidagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqdi. O‘zaro hamjihatlikda o‘zaklari bir nuqtaga tutashuvchi qadim turkiy madaniyatni rivojlantirish yo‘lida ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda, munosabatlar tobora mustahkamlanmoqda.
Umumiy til va mushtarak qadriyatlar birligi asosida shakllangan Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY doirasida bugungi kunda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Ta’kidlash joizki, turkiy tilli xalqlarning ma’naviy qadriyatlari va tarixiy-madaniy merosini xalqaro darajada saqlash, o‘rganish va ommalashtirishda TURKSOY tashkiloti muhim o‘rin tutadi. Ayni paytda ushbu tuzilma tili, madaniyati, an’analari, tarixi, hayot tarzi mushtarak xalqlar uchun o‘ziga xos mustahkam va ishonchli ma’naviy ko‘prikka aylanib ulgurdi.
Mazkur nufuzli tuzilma bosh kotibi Sulton Rayevning ta’kidlashicha, keyingi yillarda TURKSOY faoliyati tobora ravnaq topib borayotir. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga oid hayotiy tashabbus va g‘oyalari, mazkur tashkilotning faol qo‘llab-quvvatlanayotgani o‘ziga xos ahamiyat kasb etayotgani diqqatga sazovordir. Bu kunlar ajdodlarimiz, ota-onalarimiz, jadidlar orziqib kutgan kunlardir. TURKSOY turkiy xalqlarning oltin ko‘prigiga aylandi.
Bugun tobora globallashib borayotgan dunyoda turli xatar va tahdidlarning oldini olishda, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, ahillik, yaxshi qo‘shnichilik, hamjihatlik aloqalarini tobora mustahkamlashda faoliyatining asosini ezgulik, ma’rifat, hamkorlik kabi olijanob g‘oyalar tashkil etuvchi TURKSOY tuzilmasining o‘rni va ahamiyati o‘ziga xos bo‘lmoqda. Uning platformasida o‘tkazilayotgan ijodiy loyihalar, festivallar, ijodiy tanlovlar, forumlar, yirik anjumanlar ildizlari umumbashariy ezgu g‘oyalardan suv ichgan xalqlarni yagona maqsad sari birlashtirmoqda. Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan tadbirlarda bu jihatlar yana bir karra o‘zining yorqin ifodasini topdi.
Tantanali tadbirda turkiy tilli davlatlarning badiiy jamoalari, san’at ustalari va ijrochi yoshlari ishtirokida katta konsert dasturi namoyish etildi.
Nazokat USMONOVA, O‘zA muxbiri