Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda o‘z vazifasini sidqidildan bajarayotgan davlat idoralaridan tashqari davlat xizmatlarini o‘z vaqtida ko‘rsatmasdan, fuqarolarni sarson qilayotgan, ularning murojaatlarini e’tiborsiz qoldirayotgan ayrim davlat idoralari ham uchrab turibdi.
Adliya vazirligi tomonidan joriy yilning may oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning tarkibiy tuzilmalarining davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ahvoli o‘rganildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, sog‘liqni saqlash organlari tomonidan 5,7 mingdan ortiq holatda (3 mingdan ortiq holatda arizalar belgilangan muddatda ko‘rib chiqilmagan, 2 mingdan ortiq holatda davlat xizmatini ko‘rsatish tartibiga rioya etilmagan, 90 dan ortiq holatda fuqarolardan ortiqcha hujjat olingan) davlat xizmatlari ko‘rsatishda qonunchilik hujjatlariga rioya etmaslik holatlari aniqlangan.
Xususan, dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikaning ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasini berishda 2 mingdan ortiq, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyat uchun litsenziya berishda mingdan ortiq, tug‘ilganlikni qayd etishda 640 dan ortiq, farmatsevtika mahsulotlarini sertifikatlashtirishda 200 dan ortiq, ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma olishda 193 ta, tibbiy faoliyatni litsenziyalashda 40 dan ortiq holatlarda davlat xizmatlari ko‘rsatishda qonunchilik hujjatlariga rioya etilmagani aniqlangan.
Adliya vazirligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, sog‘liqni saqlash organlarining 250 dan ortiq xodimiga nisbatan davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida qonunchilik hujjatlarini buzgani uchun ma’muriy jazo choralari qo‘llanildi. Aniqlangan qonun buzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan 300 dan ortiq taqdimnoma kiritilib, 50 dan ortiq xodim intizomiy javobgarlikka tortildi.
N.Abduraimova, O‘zA