Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.

Jumladan, “Soliqni hisoblab chiqarish tartibining ayrim qoidalari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama etildi. Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining 2022 yil 30 dekabr kuni “Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, ixtisoslashuvi hamda kichik biznes uchun mavjud sharoitdan kelib chiqib, respublikamiz shahar va tumanlari 5 ta toifaga ajratildi. Tuman va shahar toifasidan kelib chiqib, tadbirkorlarga soliq imtiyozlari, subsidiyalar beriladigan bo‘ldi. Shundan kelib chiqib, yuqoridagi qonun loyihasiga ko‘ra, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mulkdorlarning mulkiy huquqlari kafolatlarini ta’minlash, soliq qonunchiligi talablarini yanada soddalashtirish hamda tadbirkorlik sub’ektlarining soliq yukini kamaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Xususan, 11 ta viloyatdagi 47 ta “sharoiti og‘ir” bo‘lgan tumanlarda yangidan tashkil etilgan va o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun mol-mulk va yer solig‘i soliq stavkalarini pasaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Shu bilan birga, yer uchastkalaridan hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanilganda jismoniy shaxslarga nisbatan yer solig‘ining oshirilgan stavkasi qo‘llanilishini to‘xtatib turish belgilanmoqda. Bundan tashqari, elektrotexnika tarmog‘i korxonalarining ihtisoslashtirilgan markazlarini rivojlantirish maqsadida vaqtinchalik soliq imtiyozlari berish nazarda tutilmoqda. Muhokamalarda fraksiyalar a’zolari qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar bildirdi. Aniqlashtiruvchi savollariga tegishli mas’ullardan javoblar oldilar.

Yig‘ilishda yana bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilinib, qo‘llab-quvvatlandi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA