Kuni kecha Telekommunikatsiyalar sohasida ayrim faoliyat turlarini amalga oshirganlik uchun davlat boji miqdorlari maqbullashtirilishi munosabati bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun matbuotda e’lon qilindi. Mazkur qonun bilan telekommunikatsiya va axborotlashtirish sohalariga qulaylik yaratildi.

Telekommunikatsiya sohasidagi xizmatlar uchun to‘lanadigan davlat boji miqdori ikki baravarga kamaytirildi. Jumladan, endilikda teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularning xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun BHMning 170 baravari miqdorida davlat boji to‘lanadi. Ilgari bu BHM ning 340 baravari edi.

Teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) tarmoqlarini loyihalashtirish uchun, shu bilan birga bunday tarmoqlarini qurish uchun BHMning 10 baravari miqdorida davlat boji olinadi. Ilgari bu BHMning 20 baravari miqdorida edi.

Teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) tarmoqlaridan foydalanish hamda shunday xizmatlarni ko‘rsatganlik uchun BHM ning 75 baravari miqdorida davlat boji to‘lanadi. Ilgari bu ko‘rsatkich BHMning 150 baravari edi. Tahlillarga ko‘ra, hududlardagi xususiy telekanal va radiokanallar o‘z teleradio dasturlarini efirga uzatish hamda moddiy-texnik bazalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlashda ayrim moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Shu bois, qonun bilan teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) tarmoqlarini loyihalashtirganlik, qurganlik, ulardan foydalanganlik va ularning xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘lanadigan davlat boji miqdori 50 foizga kamaytirilgani ularning moliyaviy imkoniyatlarini yaxshilaydi.

Axborotlashtirish sohasida ham imtiyozlar joriy etilmoqda. Ular yillik davlat bojini har chorakda bo‘lib to‘lashi mumkin. Uyali aloqa virtual operatorlari hamda tele- va radiokanallarga ham davlat bojini to‘lashda imtiyozlar berildi. Yangi qonun bilan uyali aloqa virtual operatorlari (provayderlar) faoliyatini kengaytirish maqsadida ular tomonidan radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari xizmatlarini ko‘rsatishi natijasida undiriladigan davlat boji miqdorlari kamaytirildi. Uyali aloqa virtual operatorlari (provayderlar) tomonidan ko‘chma radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari xizmatlarini ko‘rsatishda litsenziya olganlik uchun to‘lanadigan davlat boji BHMning 25 ming baravari etib belgilandi. Ilgari bunday norma mavjud emas edi. Shu bilan birga, agar uyali aloqa virtual operatori tomonidan navbatdagi yillik davlat bojini to‘lash davridan oldingi moliya yilida ko‘rsatilgan ko‘chma radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari xizmatlarining qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 million baravaridan oshgan taqdirda, ushbu uyali aloqa virtual operatori daromadining bir foizi miqdorida qo‘shimcha davlat boji to‘lanishi belgilandi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, bugungi kunda o‘z telekommunikatsiya tarmog‘iga ega 5 ta mobil aloqa bazaviy operatori xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Radiochastota resursiga ega bo‘lmagan bitta virtual mobil aloqa operatori mavjud. Qonun uyali aloqa virtual operatorlari faoliyatini kengaytirish va ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun adolatli raqobat muhiti yaratishga zamin yaratadi.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA