2023 yil 16 iyunda davlatimiz rahbari “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Davlat hisobidan yuridik yordam faqat jinoyat ishlarini yuritishda ko‘rsatib kelingan. Ma’muriy va fuqarolik ishlarida bu nazarda tutilmagan.

Qolaversa, ushbu sohani muvofiqlashtiruvchi yagona organning belgilanmagani kam ta’minlangan fuqarolarning Konstitutsiyada kafolatlangan malakali yuridik yordamdan to‘liq foydalana olmasligiga olib kelgan.

“Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun ana shu muammolarga barham beradi.

Qonun bilan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishning asosiy tamoyillari, ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, fuqarolarning yuridik yordam olishga bo‘lgan huquqlari kafolatlari belgilandi.

Davlat hisobidan yuridik yordam oluvchi shaxslarning doirasi hamda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan ishlar ro‘yxatiga fuqarolik va ma’muriy ishlarni kiritish orqali fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyatlari kengaytirildi.

Qonun bidan davlat hisobidan yuridik yordam oluvchi shaxslar doirasi ham belgilandi. Kam ta’minlangan shaxslar (agar ular fuqarolik ishlari bo‘yicha da’vogarlar yoki javobgarlar bo‘lsa),  ma’muriy ishlar bo‘yicha arizachilar, ma’muriy qamoq tarzidagi ma’muriy jazo nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslar, jinoyat ishlari bo‘yicha gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilar, sudlanuvchilar, shuningdek mahkumlar bo‘lsa davlat hisobidan bepul yuridik yordam olishi mumkin.

Ruhiy holati buzilgan jismoniy shaxslar, ularga “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq psixiatriya yordami ko‘rsatilayotganda bepul yuridik yordam ko‘rsatilishi zarur.

O‘z huquqlari buzilgan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilgani munosabati bilan sudga murojaat qilgan jismoniy shaxslar ham bepul yuridik yordam olishi mumkin.

Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq jinoyat ishi bo‘yicha advokat ishtirok etishi shart bo‘lgan taqdirda, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga bepul yuridik yordam taqdim etiladi.

Davlat hisobidan yuridik yordam olish uchun jismoniy shaxslar eksterritoriallik prinsipi asosida maxsus vakolatli davlat organi (Adliya vazirligi)ga og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.

Ariza uch ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi (Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan, jinoyat ishlari bo‘yicha advokat ishtirok etishi shart bo‘lgan hollar va muddatlar bundan mustasno).

Davlat hisobidan yuridik yordam faqat davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar reyestriga kiritilgan advokatlar tomonidan ko‘rsatiladi.

Maxsus vakolatli davlat organining davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish haqidagi qarori yoki advokat tayinlash to‘g‘risidagi surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoxud sudning ajrimi “Yuridik yordam” axborot tizimida ro‘yxatga olinganidan keyin tizim advokatni avtomatik ravishda tanlaydi.

Advokatga Hukumat tomonidan belgilanadigan tartibda va miqdorlarda to‘lov amalga oshiriladi.

Qonun inson huquqlari himoyasini yanada kuchaytirish, fuqarolarga sud jarayonlarida ishonchli himoyalanish imkoniyatini yaratadi.

Qonun 2023 yil 17 iyunda rasmiy e’lon qilindi va shu kundan e’tiboran uch oy o‘tgandan keyin kuchga kiradi.

 

Norgul Abduraimova,  

O‘zA