Hurmatli festival qatnashchilari!
Qadrli mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Avvalo, siz, azizlarni go‘zal va navqiron Guliston shahrida o‘tkazilayotgan uchinchi Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining tantanali ochilishi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
bugungi anjumanda ishtirok etayotgan nufuzli xalqaro tashkilotlar – YUNESKO, AYSESKO, TURKSOY, Turkiy madaniyat va meros fondi vakillarini, o‘ttizdan ortiq chet mamlakatlardan kelgan xalq ijodiyoti namoyandalarini, atoqli san’at va madaniyat arboblari, ommaviy axborot vositalari xodimlarini samimiy qutlab, barchangizga yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Muhtaram anjuman ishtirokchilari!
Jahon madaniy merosining bebaho durdonalari orasida har qaysi millatning folklor san’ati beqiyos o‘rin tutishi sizlarga albatta yaxshi ma’lum. Xalq og‘zaki ijodiyotining sarchashmasi bo‘lgan baxshichilik san’ati esa insonni inson sifatida namoyon etadigan eng ezgu tuyg‘u va qadriyatlarni tarannum etishi bilan alohida ahamiyatga egadir.
Hayotning jonbaxsh sadosi kabi yangraydigan bu kuy-qo‘shiqlar bugungi dolg‘ali zamonda bizga odamzot naslining o‘zagi bir ekani, bani bashar yagona tomirdan tarqaganini anglatib, yer yuzidagi barcha millat va elatlarni bir-birini tushunib, hamjihat va hamkor bo‘lib yashashga da’vat etishi bilan ayniqsa qadrlidir.
Shu bois ham, biz xalq qalbining otashin kuychilari bo‘lgan baxshi, oqin va jirovlarni asrlar davomida ana shunday ulug‘ vazifani sharaf bilan ado etib kelayotgan olijanob insonlar sifatida hamisha ardoqlaymiz. Xususan, milliy doston va termalarda el-yurtimizga xos go‘zal fazilatlar, uning azaliy orzu-umidlari, dardu armonlari bamisoli ko‘zgudek yorqin va tiniq aks etgani, ular tarixning murakkab va sinovli davrlarida bizga cheksiz ruhiy qudrat, yorug‘ kunlarga ishonch bag‘ishlab kelishi ham ayni haqiqatdir.
Men bu o‘rinda bizning folklor san’atimiz haqida to‘xtalib o‘tdim, xolos. Aslida esa bunday xususiyat va alomatlar dunyodagi har bir xalqqa mansub ekanini jahonning turli qit’a va mintaqalaridan tashrif buyurgan siz, hurmatli mehmonlarimiz ham tasdiqlaysiz, albatta.
bugungi kunda globallashuv jarayonlari tobora kengayib, asl san’at o‘rnini, afsuski, shou-biznes, olomon madaniyati egallab olayotgan bir sharoitda beqiyos ma’naviy boyligimiz bo‘lmish mumtoz san’atni, xalq ijodiyotining nodir namunalarini asrab-avaylash, ularni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish barchamizning muqaddas burchimizdir.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, keyingi yillarda O‘zbekistonda madaniyat va san’at sohalarini, jumladan, baxshichilikni yanada rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlash joiz.
Mamlakatimizda Respublika baxshichilik san’ati markazi hamda Baxshichilik san’atini rivojlantirish jamg‘armasi, hududlarda mazkur yo‘nalishdagi ansambllar samarali faoliyat olib bormoqda.
Iste’dodli folklor ustalaridan yozib olingan doston va termalarning “oltin fondi” shakllantirilmoqda. Xalq ijodiyoti yodgorliklari kitob va to‘plamlar holida muntazam nashr qilinmoqda, ilmiy ekspeditsiyalar va anjumanlar tashkil etilmoqda. Taniqli baxshi, jirov va oqinlarning xotirasi abadiylashtirilib, ular haqida ilmiy-ommabop asarlar, hujjatli filmlar yaratilmoqda, ta’lim maskanlarida baxshichilik sinflari va to‘garaklari faoliyat yuritmoqda.
Bugun yurtimizda uchinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro festival bu boradagi amaliy ishlarimizning yana bir yorqin namoyoni ekanini qayd etish lozim.
Ana shunday tizimli yondashuv tufayli baxshichilik va maqom, akademik ijro san’ati yoshlarimiz o‘rtasida tobora ommalashib bormoqda. Sohada “ustoz-shogird”lik an’analari mustahkam qaror topib, baxshichilik san’atiga oid noyob asarlarni mehr-muhabbat va yuksak mahorat bilan ijro etadigan yangi iste’dod egalari ko‘plab yetishib chiqayotgani hammamizni quvontiradi.
Aziz do‘stlar!
San’at muxlislari qalbidan tobora chuqur joy egallab borayotgan mazkur nufuzli anjuman bu yil Sirdaryo viloyatida bo‘lib o‘tayotgani albatta bejiz emas.
Qadim-qadimdan do‘mbira va chanqovuz sadolari yangrab kelgan, folklor bo‘yicha boy meros va an’analarga ega bo‘lgan bu saxovatli diyor bag‘ridan Murod baxshi, Hamroqul baxshi, Gulmurod baxshi, Akram bulbul, Saidahmad va Saidmurod baxshi kabi ijodkorlar, Sirdaryoning faxru g‘ururiga aylangan To‘ra Sulaymon va Halima Xudoyberdiyeva singari atoqli shoirlar yetishib chiqqanini el-yurtimiz yaxshi biladi. Ularning xalqona donishmandlik bilan yo‘g‘rilgan baxshiyona ohanglari hozir ham munosib izdoshlar sozi va so‘zida jaranglab turibdi.
Qadrli festival ishtirokchilari!
Jonajon yurtimizda dilbar bahor nafasi kezib yurgan mana shunday so‘lim va tarovatli kunlarda bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro baxshichilik festivali, ko‘ngli ochiq, mehmondo‘st xalqimiz bilan qizg‘in muloqotlar, yurtimizning betakror madaniyati va o‘lmas qadriyatlari bilan oshno bo‘lish sizlarga yangi ilhom va ijod zavqini baxsh etadi, deb ishonaman.
bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlarning vakillariga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Festival doirasida o‘tkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishiga ham muvaffaqiyatlar tilayman.
Qadimiy va betakror O‘zbekiston zaminiga, ijod va nafosat bayramiga xush kelibsiz!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti