Bugun, 25 martdan Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti majmuasida og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasida boshlangan O‘zbekiston chempionati nafaqat mamlakatimiz, balki ko‘plab xorijlik sport mutaxassislari e’tibor markazidagi musobaqalardan biri bo‘lmoqda.

Mamlakatimizning turli hududlaridan 300 nafardan ziyod og‘ir atletikachilar qatnashayotgan bashlarda yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari Ruslan Nurudinov va Akbar Jo‘rayev, jahon chempionlari Doston Yoqubov hamda Tursunoy Jabborova, dunyo birinchiligi sovrindori Adham Ergashev, uzoq tanaffusdan so‘ng katta sport maydoniga qaytgan Rustam Jangabayev kabi dongdor sportchilar o‘z vaznlarida g‘oliblik uchun kurashga kirishmoqda.

–Yurtimizda o‘tadigan ichki chempionatlarga qiziqish yuqori bo‘lmoqda. Bu gal ham Chirchiqda o‘tayotgan O‘zbekiston chempionatini kuzatish uchun turli mamlakatlardan murabbiylar, sport mutaxassislari musobaqaga kelib, bevosita kuzatayotganini ta’kidlamoq lozim. Aynan ushbu birinchiliklar iste’dodli yoshlarni kashf etishda, xalqaro maydonda munosib natijaga erishadigan sportchilarning keyingi sport faoliyatini belgilashda muhim sanaladi, – deydi O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi xalqaro aloqalar bo‘limi yetakchi mutaxassisi Azamat Sharipov.

31 martga qadar davom etadigan O‘zbekiston chempionati joriy yilda o‘tadigan qit’a birinchiligi, Osiyo o‘yinlari va jahon chempionatida vatanimiz sharafini himoya qiladigan asosiy va zaxira tarkibni aniqlab olishga xizmat qiladi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA