Tailanddagi Osiyo voleybol konfederatsiyasi shtab kvartirasida turli yosh toifalari o‘rtasida 2023 yil mobaynida o‘tkaziladigan qit’a chempionatlari manzillarini aniqlash va jamoalarni guruhlardagi joylashuvini belgilash yuzasidan qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi. Unda 16 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi 1 – Osiyo chempionatiga O‘zbekiston mezbonlik qiladigan bo‘ldi.

Osiyo voleybol konfederatsiyasi ijroiya qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan marosimda O‘zbekiston voleybol federatsiyasi boshqaruv kengashi a’zolari onlayn tarzda ishtirok etdi.

O‘tkazilgan qur’a natijalariga ko‘ra, voleybol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi joriy yilda erkaklar va ayollar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida, chellenj kubogi hamda 16 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasidagi 1 – Osiyo chempionatida qaysi davlatlarning terma jamoalari bilan guruh bahslarida ro‘baro‘ kelishiga aniqlik kiritildi.

E’tiborli jihati, 16 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi 1 – Osiyo chempionati joriy yil 20-30 iyul kunlari yurtimizda bo‘lib o‘tishi va sportchilarimiz «A» guruhida Qozog‘iston va Gonkong jamoalariga qarshi bahs olib borishi oydinlashdi. Mazkur chempionatda qit’aning 15 davlat terma jamoalari 4 guruhga taqsimlangan holda chempionlik uchun mamlakatimiz voleybol maydonlarida kurash olib boradi.

Shu o‘rinda ta’kidlamoq lozimki, joriy yil fevral oyida O‘zbekiston voleybol federatsiyasining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general leytenant Po‘lat Bobojonov federatsiya raisi etib saylandi. Ijroiya qo‘mita tarkibi yangilandi. Federatsiya faoliyatini tubdan takomillashtirish, hududlarda voleybol sport turini rivojlantirish hamda oldinda turgan nufuzli musobaqalarda munosib ishtirok etgan holda sovrindorlar qatoridan o‘rin olish uchun “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Yurtimizda ilk bor o‘tadigan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi 1 – Osiyo chempionatidan oldin tayyorgarlik bosqichi sifatida 14 davlat terma jamoalari o‘rtasida CAVA Markaziy Osiyo zonasi chempionati o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mazkur nufuzli musobaqada vatanimiz sharafini himoya qiladigan iqtidorli sportchilarni terma jamoaga saralab olish maqsadida joriy yil 23-29 mart kunlari Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston chempionati tashkil etilishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, shu kunlarda erkaklar va ayollar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati bahslari Buxoro shahrida bo‘lib o‘tmoqda.

 

To‘lqin Ro‘ziyev,  

O‘zA